Oqqoʻrgʻonda sayyor qabul tarzida o‘tkazilgan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi

0
1115

Oqqoʻrgʻon tumanidagi 8-umumtaʼlim maktabida oʻtkazilgan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi sayyor qabul tarzida oʻtdi. Unda tadbir ishtirokchilari Toshkent harbiy okrugi qoʻshinlari qoʻmondonining oʻrinbosari polkovnik Baxtiyor Oʻrolboyev, tumandagi toʻrtta sektor rahbarlarining oʻrinbosariga oʻz taklif, tashabbus va muammolari bilan yuzlandi.

– Tumanimizdagi 15-maktabning sport zali yoʻq, – deydi Qushtamgʻali mahallasining yoshlar yetakchisi Otabek Abdusamatov. – Shu bois maktab oʻquvchilari qishin-yozin usti ochiq sport maydonchasida shugʻullanadi. Ammo ikki smena darslaridan soʻng bu yerga qorongʻi tushgach, mashgʻulot olib borish imkonsiz. Ushbu sport maydonchasiga tungi yoritish chiroqlari, simyogʻochlar oʻrnatilsa, yoshlarning koʻproq vaqt jismoniy mashgʻulotlar bilan band boʻladi. Kuzatuv kameralari bilan jihozlansa, xavfsizligi ham taʼminlangan boʻlar edi.

Sayyor qabulda “Eltamgʻali” mahallasining yoshlar yetakchisi Murod Elboyevning murojaati ham sport maydonchasi bilan bogʻliq. U mahalla hududidagi faoliyati tugatilgan Oqqoʻrgʻon ijtimoiy-iqtisodiyot va xizmat koʻrsatish kasb-hunar kollejining sport zalidan mahalla yoshlari foydalanishi uchun ruxsat berilmayotganini bayon qildi. Hozirgi vaqtda Toshkent davlat pedagogika universiteti balansiga oʻtkazilgan bino anchadan beri boʻsh turganini qayd etdi. Har ikki murojaat ijrosi tuman hokimining birinchi oʻrinbosari nazoratiga olindi.

Ochiq muloqot tarzida oʻtgan tadbirda “Yoshlar daftari” roʻyxatida turgan yigit-qizlarning murojaatlarini hal etish, muammolariga ijobiy yechim topish masalalariga jiddiy eʼtibor qaratildi. Uchrashuvda berilgan elikka yaqin savollarga mutasaddilar tomonidan batafsil javob qaytarildi. Boquvchisini yoʻqotgan, ijtimoiy koʻmakka muhtoj, uyushmagan yoshlarni oʻz qiziqishi, qobiliyati va malakasidan kelib chiqib, mehnat bozorida talabgir kasb-hunarlarga yoʻnaltirish hamda ish bilan bandligini taʼminlash boʻyicha viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi, Yoshlar ishlari agentligi tuman boʻlimi, Yoshlar ittifoqining tuman kengashi, tuman mudofaa ishlari, xalq taʼlimi boʻlimlari va boshqa tashkilotlar mutasaddilari oʻz oldiga tegishli vazifalarni belgilab oldilar.

– Oqqoʻrgʻon yoshlarining harbiylik kasbiga qiziqishi nihoyatda balandligi ularning bugungi murojaatlarida oʻz aksini topdi, – dedi polkovnik Baxtiyor Oʻrolboyev. – Qurolli Kuchlar qoʻshinlarida shartnoma boʻyicha harbiy xizmatga kirish masalasi bizga kelib tushgan savollarning salmoqli qismini tashkil etganidan xursandman. Umuman olganda, qaysi hududda boʻlmasin, yoshlarning muammosi – jamiyatning, bizning muammomiz. Ularni qiynayotgan masalalarga befarq boʻlishga haqimiz yoʻq.

Leytenant Dilshod ROʻZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti