“Yangiariq” poligonida profilaktik hisobda turgan yoshlar uchun yozgi oromgoh ochildi

0
1458

Xorazm viloyati hokimligi hamda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi tashabbusi bilan “Yangiariq” umumqoʻshin poligoni negizida viloyatdagi tarbiyasi ogʻir, ichki ishlar organlarida profilaktik hisobda turgan yoshlarning qalbida vatanparvarlik, Vatanni va oilani sevish, oʻzaro bir-biriga hurmat, sogʻlom fikrlash tuygʻularini shakllantirish maqsadida Harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi yoʻnalishidagi oromgoh tashkil etildi.

Oromgohning tantanali ochilish marosimida mudofaa vazirining jangovar tayyorgarlik boʻyicha oʻrinbosari polkovnik Qodirjon Tursunov, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farhodjon Shermatov, viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Sanʼatbek Salayev hamda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Soʻzga chiqqanlar tomonidan bugun yoshlarimiz uchun keng imkoniyat va sharoitlar yaratilayotgani, ulardan oqilona foydalanib, kelgusida yurt ravnaqi va kelajagi uchun jonkuyar, fidoyi inson boʻlib kamol topishlariga tilak bildirildi.

Harbiy xizmatchilar tomonidan qoʻl jangi va saf elementlari bilan koʻrgazmali chiqishlar yoshlarda olam-olam taassurotlar qoldirib, qalbida vatanparvarlik tuygʻularini alangalatdi.

Davomiyligi 14 kun boʻlgan harbiy-vatanparvarlik oromgohi uch smenada tashkil etiladi. Ayni vaqtda 1-smenaga 14 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan jami 75 nafar oʻgʻil bolalar jalb etilib, har biri 25 nafar bolani tashkil etadigan 3 ta guruhga boʻlingan.

Mashgʻulotlar jadvaliga asosan har kuni tushlikgacha boʻlgan vaqtda yoshlar bilan tarix, tarbiya, huquq, din asoslari, milliy gʻoya va maʼnaviyat asoslari, boshlangʻich harbiy tayyorgarlik fanlari boʻyicha mashgʻulotlari tashkil etiladi. Tushlikdan keyin esa bolalar uchun dam olish vaqti belgilanib, undan keyin ommaviy-sport tadbirlari, intellektual oʻyinlar, psixologik treninglar, davra suhbatlari, madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻrin olgan.

Harbiy-vatanparvarlik oromgohi faoliyatini samarali taʼminlash uchun harbiy okrug tomonidan “Yangiariq” umumqoʻshin poligonidagi yotoqxona, oʻquv binolari, tibbiyot punkti, oshxona, maishiy xizmat obyektlari, sport maydonlari va boshqa obyektlar ajratilgan boʻlib, oromgoh maʼmuriyatiga harbiy xizmatchilar, ichki ishlar organi xodimlari, xalq taʼlimi boʻlimi hamda tibbiyot birlashmasi vakillari kiritilgan.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati