“Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashida navbatdan tashqari yigʻilish boʻlib oʻtdi

0
2096

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashida navbatdan tashqari yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Unda tashkilotning Markaziy kengashiga aʼzo boʻlgan Qurolli Kuchlar tarkibidagi vazirlik va idoralar, davlat boshqaruvi organlari, shuningdek, manfaatdor tashkilot vakillari ishtirok etdi.

Yigʻilishda “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi Husan Botirov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida va jismoniy tarbiyalash hamda chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlash tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi boʻyicha tashkilot tizimida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida axborot berdi.

Tadbir davomida “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashining ayrim aʼzolari boshqa ishga oʻtganligi munosabati bilan, shuningdek, bildirilgan takliflar inobatga olinib, Markaziy kengash tarkibiga oʻzgartirish kiritilishiga ovoz berildi.

Yigʻilish soʻnggida “Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti faoliyatini takomillashtirish boʻyicha 2022-yil davomida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi”ni tasdiqlash boʻyicha qaror qabul qilindi va tegishli tashkilotlar bilan istiqbolda hamkorlikda bajariladigan ishlar belgilab olindi.

Mazkur chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, respublika miqyosida “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan aholi, ayniqsa, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular oʻrtasida sportning texnik va amaliy turlarini ommalashtirish hamda ommaviy texnik kasb mutaxassislarini tayyorlash boʻyicha izchil saʼy-harakatlar amalga oshirilishi belgilangan.

Sherzod EGAMBERDIYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti