Mudofaa vazirligi qilichbozlari Osiyo chempionatini kumush medal bilan yakunlashdi

0
1549

Seul shahrida davom etayotgan qilichbozlik boyicha qitʼa birinchiligida hamyurtlarimiz ishtiroklarini yakunlashdi. Quvonarlisi, unda yurtimiz sharafini himoya qilgan shpagachi yigitlarimiz – Mudofaa vazirligi Sport markazi sportchilari Javohir Nurmatov, Roman Aleksandrov va Nodirbek Muminov kumush medalni qoʻlga kiritishdi.

Qilichbozlarimiz ilk bor final bosqichida ishtirok etib, mezbon Koreya Respublikasi vakillariga 38:35 hisobida imkoniyatni boy berishdi. Qiziqarli va murosasiz kechgan bellashuv jamoamiz uchun kelgusida kutib turgan finallar oldidan katta tajriba boʻldi. Oʻz navbatida, hamyurtlarimizdan keyingi musobaqalarda yangi gʻalaba va oltin medallar kutib qolamiz.

Mudofaa vazirligi shpagachilarini qoʻlga kiritgan ushbu muvaffaqiyat bilan samimiy tabriklaymiz.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti