Murojaatlar atroflicha oʻrganildi

0
3234

Bugungi kunda Mudofaa vazirligi tizimida insonlar taqdiri, turmush tarzi, muammosini aks ettiruvchi murojaatlar adolatli koʻrib chiqilmoqda.

Mudofaa vazirligi qabulxonasida vazir oʻrinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev tomonidan oʻtkazilgan qabul jarayoni ham umid ilinjida shu dargohga qadam ranjida qilgan yuzlab fuqarolar qalbiga quvonch shuʼlalarini ulashdi. Vazirlikning tegishli bosh boshqarma va boshqarma masʼul xodimlari ishtirokida oʻtkazilgan qabul ortiqcha rasmiyatchiliksiz, ochiq va samimiy muloqot tarzida oʻtdi. Murojaatchilarning oʻzlarini qiynab kelayotgan muammoni emin-erkin bayon qilishlari uchun imkoniyat berildi. Muammolar chuqur oʻrganilib, tahlil qilindi. Imkon darajasida joyida hal qilindi, zarur hollarda huquqiy yordam koʻrsatildi. Muhimi, hech bir murojaat eʼtiborsiz qoldirilmadi, aytilayotgan muammolar yoʻnalishiga qarab tegishli bosh boshqarma va boshqarma boshliqlariga yoʻnaltirildi, natijasi nazoratga olindi.

– Farzandlarimiz umidimiz, ishonchimiz, hayotimiz quvonchlari. Hech bir ota-ona yoʻqki, farzandi tovoniga bir tikan kirsa, anduh chekmaydigan. Men ham farzandlarimni sogʻ-salomat voyaga yetkazsam deyman. Ammo mana uch yildirki oʻgʻlim Muhammadrizo allergik rinit kasalligidan azob chekmoqda, – deydi podpolkovnik Rauf Madumarov. – Koʻp shifokorlarga koʻrsatdik. Ammo avvaliga faqat mavsumda qoʻzgʻaydigan kasallik endi tez-tez qaytalanayapti. Yaqinda shifokor koʻrigiga borganimizda u “oʻgʻlingizga bu hududning iqlimi toʻgʻri kelmayapti. Iloji boʻlsa yashash joyingizni oʻzgartiring”, deb maslahat berdi. Bugungi qabulga shu maqsadda keldim. Hozirda Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida xizmat qilaman. Men uchun farzandimning salomatligi ham muhim. U endigina 8 yoshga toʻldi. Uning sogʻayib ketishini istayman. Qabul davomida shu haqda aytdim. Asosiysi, muammom ijobiy hal boʻldi. Bundan judayam xursandman.

Qabulga kelgan, serjant Farhod Qobilovning turmush oʻrtogʻi Mehriniso Mahmudova esa uy-joy masalasi boʻyicha murojaat qildi.

– Oʻzimiz samarqandlikmiz, shuning uchun Samarqand shahridan uy olmoqchimiz, – deydi suhbatdoshimiz. – Qabul jarayonida mutasaddilar uy-joy olish tartib-qoidasi bilan tushuntirishdi. Turmush oʻrtogʻimning uy olish navbati kelsa, hech bir toʻsiqsiz uy olar ekanmiz. Mendan qimmatli vaqtini ayamagan Mudofaa vazirligi rahbariyatidan minnatdorman.

Mudofaa vaziri oʻrinbosari qabuliga kelgan isteʼfodagi tibbiy xizmat polkovnigi Safarali Bekov Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi. Uning shu vaqtgacha “Begona”, “Choʻqqiga yoʻl”, “Boʻsa”, “Ota” va “Begonalik” nomli badiiy kitoblari nashrdan chiqqan. Ijodkor ayni vaqtda “Armiya – davlat tayanchi” nomli publitsistik kitobi ustida ishlamoqda.

– Koʻp yillik xizmat faoliyatimda koʻrgan-kechirganlarim mahsuli boʻlgan bu kitobni nashr qilish uchun amaliy yordam soʻrab keldim, – deydi u. – Qoʻlyozma bilan tanishtirdim. Kamchiliklar aytildi. Ularni bartaraf qilganimdan soʻng nashrga tayyorlashim mumkinligi haqida aytishdi. Ijodkor uchun bundan ortiq baxt boʻlmasa kerak.

Shu kuni qabul jarayonida turli yoʻnalishdagi 50 ga yaqin murojaat tegishli tartibda mutasaddilarga yoʻnaltirildi va natijasi nazoratga olindi.

Mayor Gulnora HOJIMURODOVA, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti