Samarqandda uch avlod uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

0
3008

Markaziy harbiy okrug Madaniyat va ma’rifat markazida okrug Faxriylar kengashi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Samarqand viloyati Kengashi hamda Samarqand garnizonidagi harbiy qism tashabbusi bilan Qurolli Kuchlar faxriylari, harbiy xizmatchilar hamda yoshlar ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda so‘z olgan faxriylar mamlakatimizdagi tinchlik va totuvlik, milliy armiyamizdagi bugungi o‘zgarishlar, respublikamizda amalga oshirilayotgan so‘nggi islohotlar, xususan, yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida gapirib, ana shunday tinch va osuda kunlar uchun shukrona keltirdi. Keksa avlod vakillari ertamiz davomchilariga hayotiy tajribalarini ulashar ekan, mustaqil yurt farzandiga xos qarashlar bilan ertangi kuni uchun harakat qilishini, tinchligimizning qadriga yetib, uni munosib ravishda asrab-avaylashini hamda kelajakda, albatta, o‘z o‘rnini topishi lozimligini ta’kidladilar.

Darhaqiqat, faxriylarimizning bosib o‘tgan hayot yo‘li va qilgan xizmatlari yoshlar uchun ibrat maktabi hisoblanadi. Qolaverasa, bu kabi uchrashuvlar harbiy xizmatchilarimizning ona Vatanga bo‘lgan sadoqatini yanada kuchaytirib, o‘z xizmat vazifalarini sidqidildan bajarishga undaydi.

Shuni ham alohida ta’kidlash kerakki, o‘rta va kichik avlod vakillari bilan tashkil etilgan uchrashuvlarda odatda samimiyat va maslahatlar ustuvorlik qiladi. Shu asnoda xulosalar qilinadi, boy tajribalar orttiriladi. Ustoz-shogird an’analarini uyg‘unlashtirgan, keksalarning boy tajribalarini yosh avlodga ulashish maqsad qilingan mazkur uchrashuv ham ana shunday ruhda kechdi.

Tadbir so‘ngida Samarqand garnizoni harbiy orkestri tomonidan kuylangan qo‘shiqlar tadbirga o‘zgacha kayfiyat olib kirdi.  

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati