Qashqadaryoda alp o‘g‘lonlar bellashuvi qizg‘in davom etmoqda

0
3072

Respublikamizning barcha hududlarida harbiy xizmatchilar va yoshlar ishtirokida mudofaa vaziri kubogi uchun o‘tkazilib kelinayotgan milliy kurash va tosh ko‘tarish musobaqalari qizg‘in kechmoqda. Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan bellashuvlarda 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yurtdoshlarimiz ishtirok etishyapti.

Ayni vaqtda hududlarda mazkur musobaqalarning dastlabki bosqichi o‘z nihoyasiga yetib, navbatdagi bellashuvlarga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.  Qashqadaryo viloyatining Nishon, Koson, Muborak va G‘uzor tumanlarida esa musobaqaning ikkinchi bosqichiga allaqachon start berilgan.

Jarayonda polvonlarning har bir harakati harbiy xizmatchilar va sportchi mataxassislardan tuzulgan hakamlar hay’ati tomonidan haqqoniy baholanib, musobaqaning mutlaq g‘oliblari munosib tarzda aniqlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, yoshlar o‘rtasida to‘rt bosqich va to‘rt vazn toifasida o‘tkazilayotgan bellashuvlarning 13-iyundan 19-iyungacha tuman va shahar, 20-iyundan 25-iyungacha viloyat hamda 27-iyundan 29-iyungacha respublika bosqichlari tashkil etiladi.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati