Harbiy xizmatchilarga yangi xonadonlar kalitlari topshirildi

0
6310

Poytaxtimizning Yashnobod tumanida joylashgan harbiy shaharchalardan birida harbiy xizmatchilarning oilalari uchun yangi ko‘p qavatli uylar foydalanishga topshirildi.

Tadbirning ochilish marosimida Toshkent harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Zokir Sayfutdinov, yangi xonadon egalari, faxriylar va boshqa jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tantanada soʻzga chiqqanlar, harbiy xizmatchilar uchun barcha qulayliklarga ega yangi uy-joylarning barpo etilishi Prezidentimiz rahnamoligida harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasini yanada mustahkamlash, ularni uy-joy bilan taʼminlash va maishiy sharoitlarini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasi ekani, albatta, bunday eʼtibor va gʻamxoʻrlik Vatanimiz tinchligi va osoyishtaligini saqlash yoʻlida sadoqat bilan xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarni yangi marralarga ruhlantirishini taʼkidladilar.

Nihoyat, barcha intiq boʻlib kutgan onlar keldi: 320 xonadondan iborat yangi uylarning kalitlari oʻz egalariga tantanali tarzda topshirildi. Ramziy lenta qirqildi. Mehmonlar yangi xonadonlarga ega boʻlgan harbiy xizmatchilar uylariga kirib, ularga oilaviy baxt tiladi va zamonaviy loyihalar asosida qurilgan, ikki va uch xonadan iborat boʻlgan bu uylarda harbiy xizmatchilarning farovon turmush kechirishi uchun barcha qulayliklar yaratilganini eʼtirof etishdi.

Mayor Gulnora Xojimurodova, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti