Andijonda “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi

0
1587

Mamlakatimiz aholisining 30 foizini 14 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yigit-qizlar tashkil etadi. Bugun yurtimizda ularning sifatli taʼlim olishi, kasb-hunar egallashi uchun zamonaviy sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Shu bilan birga, yoshlar oʻrtasida sportning texnik va amaliy turlarini ommalashtirish, ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, jismonan sogʻlom va barkamol boʻlib ulgʻayishini taʼminlash borasidagi ishlarga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Kuni kecha Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining Andijon viloyati Jalaquduq tuman kengashi oʻquv sport bazasida “Ochiq eshiklar kuni” hamda sportning tosh koʻtarish turi bo‘yicha mudofaa vaziri kubogi uchun o‘tkazilgan bellashuvlar bu boradagi sa’y-harakatlarning amaliy natijasidir. Tadbirda, Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari harbiy xizmatchilari, Qurolli Kuchlar faxriylari, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbir ochilishida Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar “Vatanparvar” tashkiloti tizimidagi zamonaviy innovatsion texnologiyalar bilan jihozlangan avtomototransport haydovchilarini tayyorlash kurslarida ixtiyoriy ravishda “A”, “B”, “BC”, “C”, “D”, “E” toifalari boʻyicha oʻqishlari uchun bugungi hamkorlik memorandumi muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qilishi ta’kidlab o‘tildi.

Shundan soʻng, tadbirda ishtirok etayotgan mehmonlar tashkilotning shart-sharoitlari bilan tanishdi. Shuningdek, mudofaa vaziri kubogi musobaqasining dastlabki bosqichida yoshlar bor kuch-gʻayratlarini safarbar qilgan holda, birinchilik uchun bellashdi.

Gʻoliblar munosib taqdirlandi va keyingi bosqichga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati