Ishtixon va Zarbdor tumanlarida mudofaa vaziri kubogi uchun oʻtkazilayotgan musobaqalarning dastlabki bosqichi yakuniga yetdi

0
3231

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa va Sportni rivojlantirish vazirliklari hamda Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda harbiy xizmatchilar va yoshlar oʻrtasida sportning milliy kurash va tosh koʻtarish turlari boʻyicha mudofaa vaziri kubogi musobaqalari uchun bahslar 25-may kuni start olgan edi.

Musobaqaning mahalla bosqichi 25-may – 12-iyungacha oʻtkazilishi rejalashtirilgan boʻlib, ayni kunlarda ushbu bosqichning yakunlanish arafasida.

Xususan, bugun Samarqand viloyatining Ishtixon tumani hamda Jizzax viloyatining Zarbdor tumanida mudofaa vaziri kubogi uchun milliy kurash va tosh koʻtarish musobaqlarining dastlabki bosqichlari oʻz yakuniga yetdi.

Ayni vaqtda Zarbdor tumanida jami 24 ta mahalla mavjud boʻlib, shu vaqtga qadar 21 tasida, Ishtixon tumanida esa 62 ta mahallaning 54 tasida musobaqaning dastlabki bosqichlari oʻtkazildi.

Bugun Zarbdor tumaninig “Shodlik” sport majmuasida oʻtkazilgan navbatdagi musobaqalarda tumandagi “Boʻston, “Shodlik” hamda “Yangi Boʻston” mahallasining polvonlari qizgʻin va murosasiz bahslarni olib borishgan boʻlsa, Ishtixon tumanidagi “Boylota”, “Qirqyigit”, “Chinortepa”, “Qungʻirot”, “Dehqonobod”, “Koʻktepa”, “Katta Qangʻli” hamda “Beshkapa” mahalla yoshlaridan har ikki sport turi boʻyicha 4 tadan vazn toifasida saralab olindi.

Musobaqlarning taqdirlash marosimida soʻzga chiqqan tuman hokimliklari, faxriylar hamda garnizonlardagi harbiy qism harbiy xizmatchilari milliy sportimizning yoshlar tarbiyasida va ularning kamolotida tutgan oʻrni haqida soʻzlab, davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtishini tashkil etish va ularni sportga keng jalb etishga qaratilayotgan eʼtiborini alohida eʼtirof etishdi, yoshlarga keyingi bosqichda omad yor boʻlishini tilashdi.

Har ikki tumanda oʻtkazilgan musobaqa yakunida 4 ta vazn toifasida aniqlangan gʻolib va sovrindorlarga tuman bosqichida ishtirok etish uchun yoʻllanma, diplom, medal va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Shundan soʻng harbiy orkestr jamoasining badiiy chiqishlari va harbiylarimizning qoʻl jangi sanʼatidagi mahoratlari, yigʻilgan yoshlarga quvonch baxshida etdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati