Kegeylida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” o‘tkazildi

0
3333

Mudofaa vazirining jangovar tayyorgarlik boʻyicha oʻrinbosari polkovnik Qodirjon Tursunov hamda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farhodjon Shermatov Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi Kegeyli tumani yoshlari bilan muloqot qildi.

“Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida tuman hokimligi binosida oʻtgan uchrashuvda vazir oʻrinbosari yoshlarni bilimni qadrlashga, sport bilan muntazam shugʻullanishga, bugungi kunni qadrlab, kelajakka ulkan maqsadlar qoʻyishga chaqirdi. 

Uchrashuv davomida yoshlar milliy armiyamiz, mudofaa salohiyatimiz, harbiy xizmatchilar tomonidan qoʻlga kiritilayotgan ulkan yutuq va marralar haqida ham batafsil maʼlumot olishdi.

Uchrashuvda yoshlar Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida oʻzaro tajriba almashish va sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida jangovar tayyorgarlikdan “Men gʻolib!” shiori ostida oʻtkazib kelinayotgan musobaqalarning ahamiyati, ularni tashkil etishning maqsadlarini bilib olishdi.

Shuningdek, uchrashuvda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farhodjon Shermatov yoshlarga bugun mamlakatimiz yoshlari hech kimdan kam emasligini, ularning yetuk shaxs sifatida kamol topishi uchun barcha imkoniyatlar mavjud ekanligini taʼkidladi.

Samimiy ruhda oʻtgan uchrashuv davomida vazir oʻrinbosari va qoʻmondon yoshlarni ulkan marralar sari ruhlantirib, har bir insonning orzusi, maqsadi, osmondagi yulduzi boʻlishi kerakligini, unga erishish uchun oʻqib-izlanib, mehnat qilish zarurligini uqtirdi, pandu-nasihatlar berishdi. Ulkan maqsadlarga erishishning oddiy sirlari haqida oʻrtoqlashdi va yoshlarni qiziqtirgan savollariga javob berishdi.

Uchrashuvda faol ishtirok etgan yoshlar va tuman hokimligi jamoasi vazir oʻrinbosari tomonidan faxriy yorliq hamda badiiy adabiyotlar toʻplamlari bilan taqdirlandi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati