Bir martalik nafaqa pulining to‘lanish tartibi

0
3777

Savol: Qanday holatlarda xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida tan jarohati olgan harbiy xizmatchilarga yoki halok boʻlgan (vafot etgan) harbiy xizmatchilarning oila aʼzolariga bir martalik nafaqa puli toʻlab beriladi?

Javob: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida tan jarohati olgan harbiy xizmatchilarga (xodimlarga) yoki halok boʻlgan (vafot etgan) harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) oila aʼzolariga bir martalik nafaqa tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi PQ-4382-son Qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 26-bandiga muvofiq harbiy xizmatchining halok boʻlishi (vafot etishi) yohud tan jarohati olishi bilan bogʻliq quyidagi holatlarda xizmat majburiyatlarini bajarish bilan bogʻliq deb hisoblanadi hamda bir martalik nafaqa toʻlanadi:

  • jangovar harakatda ishtirok etganda, xizmat majburiyatini ijro etish vaqtida;
  • jangovar navbatchilikni (jangovar xizmatni) oʻtash vaqtida;
  • kun tartibida belgilangan xizmat vaqti davomida yoki xizmat zarurati tufayli harbiy qism (muassasa) hududida boʻlganda;
  • xizmat safari yoki davolanishda boʻlganida;
  • xizmat, davolanish, xizmat safari oʻtash joylariga borish yoki ulardan qaytish vaqtida;
  • yigʻinlar (harbiy yigʻinlar) oʻtash vaqtida;
  • asirga tushgan (oʻz ixtiyori bilan asirga tushish hollari bundan mustasno), garovga olingan, ushlab qurolsizlantirilgan hollarda.
  • agar baxtsiz hodisa harbiy xizmatchi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bedarak yoʻqolgan deb topilguniga yoki vafot etgan deb eʼlon qilinguniga qadar sodir boʻlganda;
  • shaxsning hayoti, sogʻligi, shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilishga doir harakatlarni sodir etish vaqtida;
  • qonuniylik va huquq-tartibotni taʼminlashda (jamoat tartibini saqlashda) huquqni muhofaza qilish organlarining xodimlariga yoki boshqa shaxslarga yordam koʻrsatish vaqtida;
  • xizmat vaqtidan tashqari paytda harbiy xizmatchining hayotiga yoki uning sogʻligiga suiqasd qilinganda, bunda suiqasd sababi uning xizmat vazifalarini bajarishi bilan bogʻliq boʻlishi kerak;
  • sud tomonidan harbiy xizmatchining harakati shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan harakat deb topilganda.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti