“Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasining Toshkent viloyati va shahar bosqichi g‘oliblari aniqlandi

0
3712

Uyushmagan yoshlar o‘rtasida mudofaa vaziri kubogi uchun “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasining Toshkent viloyati va shahar bosqichi bellashuvlari o‘z nihoyasiga yetdi.

Musobaqaning mazkur bosqichida ishtirokchilar “Harbiy estafeta”, “Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish”, “Merganlik mahorati”, “Saf qo‘shiqlari” hamda “Temur tuzuklari bilimdoni” shartlar bo‘yicha o‘zaro bellashishdi.

Har bir bahs o‘ziga xos tarzda murosasiz kechgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Ayniqsa, yigitlar bilan tengma-teng harakat qilayotgan jamoalarning barchinoylari tomoshabinlar olqishiga erishdi. Musobaqaning adolatli va shaffof tarzda o‘tishida, shuningdek, ishtirokchilarning har bir harakati va bajargan elementlarini to’g’ri baholashda tajribali hakamlar hay’atining o‘rni sezildi.

Yoshlarni sport o‘yinlariga ommaviy jalb qilish, ularning bo‘sh vaqtlarini yanada mazmunli tashkil etish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan bellashuvlarda barcha qatnashchilar g‘oliblik uchun bor mahoratlarini ishga soldi.

Yakuniy natijalar ko‘ra, Toshkent viloyati bo‘yicha faxrli birinchi o‘rin Qibray tumani yoshlariga nasib qilgan bo‘lsa, shahar bosqichida Chilonzor tumani yoshlari mutlaq g‘oliblikka erishib, finalga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

G‘olib jamoalar tashkilotchilar tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Toshkent harbiy okrug matbuot xizmati