Maktab ostonasidagi vatanparvarlik

0
3254

Oʻquvchilarning yozgi taʼtil kunlari boshlanganiga uncha koʻp vaqt boʻlmadi. Ammo shu muddat aksariyat ota-onalarni farzandlarining boʻsh vaqtini toʻgʻri taqsimlash muammosini jiddiy oʻylab koʻrishiga yetarli boʻldi. Har kim oʻzicha, qoʻlidan kelganicha bir ishning boshidan tutdi.

Umumtaʼlim maktablarida kunduzgi oromgohlar tashkil etilgani bu borada ayni muddao boʻldi. Poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi 192-umumtaʼlim maktabida ayni shunday oromgohda dam olayotgan yoshlar ishtirokida “Vatanparvar – mening tanlovim” shiori ostida harbiy-vatanparvarlik tadbiri oʻtkazildi.

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, “Vatanparvar” tashkiloti faliyati va imkoniyatlari toʻgʻrisida tasavvurni shakllantirish, sportning texnik va amaliy turlarini ommalashtirish, tashkilot tizimidagi oʻquv kurslariga qiziqishni kuchaytirish va oʻqishga jalb etish maqsadida tashkil qilingan tadbir mahalla yoshlari va ota-onalarni ham qiziqtirib qoʻydi.

Yoshlar festivaliga aylanib ketgan tadbir davomida ishtirokchilarning oʻq otish, avia va raketa modelizm sport turlariga qiziqishi oshib, ularda oʻquv avtomobillari va sport seksiyalari koʻrgazmalari katta taassurot qoldirdi.

Kapitan Aziz NORQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti