Ikki okrug hamkorligi: qashqadaryolik faxriylar Xorazm bo’ylab sayohatda

0
661

Yaqindagina Janubi-g’arbiy maxsus harbiy okrugi hamda Shimoli-g’arbiy harbiy okrugi qo’mondonliklari hamkorlikda Xorazm viloyatida nafaqa gashtini surib kelayotgan bir guruh faxriy harbiylarni Buxoro viloyatiga 2 kunlik sayohatlari tashkil etilgan edi. Shundan so’ng belgilangan reja asosida qashqadaryolik faxriylar ham Xorazm viloyati bo’ylab safarga otlandilar. Harbiylikda suyagi qotgan insonlarning ilk manzili viloyatning ta’mirlanib, mutlaqo yangi ko’rinishga keltirilgan mudofaa ishlar boshqarmasi binosi bo’ldi. Barcha qulayliklarga ega manzilni ko’zdan kechirgan nuroniylar mezbonlarga “Yangiariq” umumqo’shin poligonini ko’rish istagida ekanliklarini bildirdi.

Xorazm viloyat hokimligi vakillari va faxriylar boshchiligidagi poligon bo’ylab qilingan sayohatlarda bir guruh yoshlar ham hamrohlik qildi. Vatan himoyasidek sharafli ishga bel bog’laganlar uchun bugun davlatimiz tomonidan barcha shart-sharoitlar muhayyo etilayotganini birgina ushbu poligon misolida ko’rish mumkin. Bir paytlar xizmat vaqtidagi jaziramani ham, izg’irinni ham bitta palatkada o’tkazgan insonlar bu manzilni misoli bir ertakdagi shaharcha deya ta’riflab, o’sib kelayotgan yosh avlodga ham bugunning shukronasida bo’lishni nasihat qildilar.

“Ochiq osmon ostidagi muzey” maqomini olgan Xiva shahriga sayohat faxriy harbiylar xotirasida bir umrga muhrlanadigan bo’ldi. Ichanqal’a bo’ylab sayr qilayotgan inson o’zini o’tmish qatlariga singib ketgandek his etadi. Naqshinkor yog’och darvozalar, loysuvoq devorlar hattoki mitti bezaklar ham tarixdan so’zlaydi. Tani mehnatda toblangan insonlar bugun shunday joylarga sayohat qilayotganlari, e’zoz topayotganlaridan behad mamnun bo’lib, tashkilotchilarga minnatdorlik izhor etdilar.

Bu kabi tadbirlarni barcha harbiy okruglar bo’ylab hamkorlikda tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati