Boʻzatov yoshlari milliy kurash va tosh ko‘tarishda bellashdi

0
3734

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vazirining jangovar tayyorgarlik boʻyicha oʻrinbosari polkovnik Qodirjon Tursunov hamda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farhodjon Shermatov Boʻzatov tumanining “Kegeyli” posyolkasi yoshlari oʻrtasida mudofaa vaziri kubogi uchun milliy kurash va tosh koʻtarish sporti boʻyicha oʻtkazilgan musobaqada ishtirok etdi.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa va Sportni rivojlantirish vazirliklari hamda Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda harbiy xizmatchilar va yoshlar oʻrtasida sportning milliy kurash va tosh koʻtarish turlari boʻyicha mudofaa vaziri kubogi musobaqalari uchun bahslar shu yilning 25-may kunidan start oldi. Musobaqaning mahalla bosqichi 25-may – 12-iyungacha, 13-19-iyun kunlari tuman va shaharlar miqyosida, 20-25-iyun kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar bosqichlari hamda “30-iyun – Yoshlar kuni” munosabati bilan 27-29-iyun kunlari respublika bosqichi oʻtkaziladi.

Musobaqa ishtirokchilarini qutlagan vazir oʻrinbosari milliy sportimizning yoshlar tarbiyasida, ularning kamolotida tutgan oʻrnini taʼkidlab, bugun davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtishini tashkil etish, ularni sportga keng jalb etishga qaratilayotgan eʼtiborini alohida eʼtirof etdi.

Toʻrtta vazn toifasida 60 nafardan ziyod ishtirok etgan posyolka yoshlari oʻzgacha shijoat, matonat va halol kurashni namoyish etdi. Ota-bobolarimizdan meros boʻlib qolgan milliy sport oʻyinlarining koʻrki aynan mana shunday musobaqalarda namoyon boʻlishini isbotlashdi.

Gʻolib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan medal, faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati