Mudofaa vaziri kubogi uchun shiddatli bellashuvlar davom etmoqda

0
3953

Mamlakatimizda yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni jismoniy tarbiya va sportga jalb etish maqsadida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotgani hech birimizga sir emas. Joriy yilning 25-may sanasida start olgan milliy kurash va tosh ko‘tarish bo‘yicha mudofaa vaziri kubogi musobaqalari ham mana shunday maqsadni o‘zida mujassam etgan.

Ayni damda yurtimizning turli hududlarida o‘tkazilib kelinayotgan mazkur musobaqalarning yana biri Toshkent shahridagi “Olmos” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni va harbiy xizmatchilar, “Olmos” MFY faollari, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi yetakchilari, mahalla yoshlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Ushbu musobaqada 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan Toshkent shahar mahalla yoshlari milliy kurash hamda tosh ko‘tarish sport turlari bo‘yicha 4 ta vazn toifasida bellashishdi. Musobaqa davomida yosh polvonlarimiz tadbirda yig‘inganlarga o‘z mahoratlarini ko‘rsatib qo‘yishdi.

Muxlislar orasida kichik yoshdagi o‘g‘il-qizlarning ham borligi juda ham quvonarli. Ular musobaqani kuzatarkan, “Men yashil burchak tomondaman… Men esa ko‘k burchak tomonda”, deya bir-birlari bilan bahslashishlari, ularning olqishlari va qo‘llab-quvvatlashi kurashchilarga katta kuch bag‘ishladi. Musobaqa oxiriga qadar mana shunday ko‘tarinki ruhda o‘tdi.

Ta’kidlash kerakki, mudofaa vaziri kubogi uchun o‘tkazilayotgan bu kabi musobaqalar joriy yilning 30-iyun – “Yoshlar kuni” bayramiga qadar 4 bosqichda (25-maydan 12-iyungacha mahalla bosqichi, 13-iyundan 19-iyungacha tuman va shahar bosqichi, 20-iyundan 25-iyungacha viloyat bosqichi hamda 27-iyundan 29-iyungacha respublika bosqichi) bo‘lib o‘tadi.

G‘oliblar esa 30-iyun kuni poytaxtimizdagi «Xalqlar do‘stligi» sanʼat saroyida tantanali ravishda taqdirlanadi.

Sarvinoz QURBONOVA,
O‘ZJOKU Harbiy jurnalistika yo‘nalishi talabasi