Zilzila xavfli emas(mi?)

0
576

Xotin sapchib turib, erini cho‘chitib yubordi:

– Yo xudoyim, yer qimirlayapti.

– Namuncha vahima qilasan?! Qani qimirlagani? Men sezmayapman-ku.

– Stol ustida turgan piyoladagi suvga qarang! Keyin sezasiz…

Ha, ba’zida zilzilalar mana shunday ko‘rinishlarda ham uchrab turadi. Gohida yerning qimirlagani sezilsa, gohida payqash ham qiyin. Ba’zan uning o‘ta shiddatli va qo‘rqinchli ko‘rinishlari ham sodir bo‘ladi. Masalan, 2020-yilda (uch oy mobaynida) Turkiya, Rossiya, Indoneziya, Yamayka, Eron, Filippin mamlakatlarida kuchli yer qimirlashi yuzaga kelgan. Bu yerda kechgan yer silkinishlarining darajasi 6 balldan kam emas. Ya’ni bu ko‘rsatkichni barcha insonlar sezadi. Uyqudagi odam uyg‘onadi. Ko‘pchilik odamlar tashqariga yugurib chiqadi. Uy hayvonlari betoqat bo‘ladi. Ba’zi hollarda javondagi kitoblar, ro‘zg‘or buyumlari, shkaflardagi idishlar ag‘darilib tushadi.

Toshkent shahrida shu yil 24-yanvar kuni soat 12:10 atrofida Tojikistonda yerosti silkinishlari sezilgan. Zilzila Farg‘onadan 128 km uzoqlikda ro‘y bergan bo‘lsa-da, poytaxtimizda zilzila kuchi 2-3 ballga yetgan. Bu ko‘rsatkich Farg‘onada 4, Namangan, Andijon, Guliston shaharlarida 3, Samarqand, Navoiy, Termiz va Qarshida esa 2 ballga teng bo‘lgan.

“Har bir ishning rejasini oldindan tuzib qo‘y” qabilida ish ko‘rgandek, zilzila vaqtida qanday harakatlanish ham barcha inson uchun foydali. Avvalambor, siz uning yuz berishidan avval alohida belgilarini oldindan bilishingiz mumkin:

  • qushlar va hayvonlar bezovtalanadi;
  • havoda biroz gaz hidi anqiydi;
  • chaqmoq chaqishi va yorug‘lik paydo bo‘lishi kabi holatlar kuzatiladi;
  • uylarning ichki devorlarida zangori shu’lalar paydo bo‘ladi;
  • lyuminessent lampalar o‘z-o‘zidan yonadi.

Bunday hollarda sarosimaga tushmang. Siz boshqalardan ko‘ra aqlliroq ekanligingizni his qilgan holda, zilziladan omon chiqish uchun ishonchli harakat qiling. Mabodo, ommaviy axborot vositalari bu haqda oldindan xabar bergan bo‘lsa, uyingizdagi gaz va isitish anjomlarini o‘chirishni unutmang. Zarur buyumlar: oziq-ovqat, dori-darmon, hujjatlar va shu kabi kerakli narsalarni ko‘chaga chiqarib qo‘ying. Agar zilzila birdan sodir bo‘lsa, vahimaga tushmang! Bunday hollarda deraza va eshik oraliqlariga berkining yoki og‘ir yukni ham ko‘taruvchi ustunlar tagiga yashirining. Dastlabki silkinish to‘xtashi bilan tashqariga chiqing. Biroq unutmang! Agar siz ko‘p qavatli binoda tursangiz, liftdan foydalanmang! Zinadan tushayotganda esa yugurmang!

Shuningdek, zilzila vaqtida jamoat transportlarida bo‘lsangiz, haydovchidan boshqaruvni to‘xtatishni talab qiling. Transport to‘xtagandan so‘ng, bolalarni, qariyalarni va nogironlarni undan tushishiga ko‘maklashing.

Yodingizdan chiqmasin! Yer qimirlayotganini sezsangiz, jonimni omon saqlayman deb transportdan o‘zingizni otishingiz yaramaydi.

Zilzila – bizni biroz hadiksiratib, so‘ngra berkinadigan ofatdir. Avvalo, har bir ishda pishiq bo‘lsak, hech qanday ofat bizga xavf sololmaydi.

Azim AXTAMOV,

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti