Qoʻmondon Urgut tuman yoshlari bilan uchrashdi

0
5337

Samarqand viloyatining olis hududi hisoblangan Urgut tumanida Markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Oybek Saidov hamda tuman yoshlari oʻrtasida “Qoʻmondon va yoshlar” uchrashuvi oʻtkazildi.

Tuman yoshlarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ular orasidan milliy armiyamiz saflarida xizmat qilish istagini bildirgan yoshlarga yangi imkoniyatlar yaratish maqsadida tashkil etilgan uchrashuvda tuman hokimi Botir Jabborov va sektor rahbarlari hamrohlik qildi.

Uchrashuvda dastlab yoshlar qoʻmondondan milliy armiyamiz, mudofaa salohiyatimiz, harbiy xizmatchilar tomonidan xalqaro maydonlarda qoʻlga kiritilayotgan yutuq va marralar haqida batafsil maʼlumot olishdi. Shuningdek, qoʻmondon Qurolli Kuchlarimiz tashkil topishining huquqiy asoslari, armiyani shakllantirishda bosib oʻtilgan mashaqqatli yoʻllar, Qurolli Kuchlar tuzilishi va tarkibi hamda oʻzining hayot yoʻli haqida batafsil soʻzlab berdi.

Uchrashuv davomida hokim va qoʻmondon yoshlarga Vatan himoyasiga bel bogʻlagan har bir farzand faqatgina jismonan baquvvat emas, balki aqlan va ruhan yetuk boʻlishi kerakligi hamda eng asosiysi, Vataniga, xalqiga, prezidentiga sadoqatli boʻlishi lozim ekanini oʻquvchilarga uqtirishdi.

Yakunda yoshlarga badiiy adabiyotlar toʻplami, sport anjomlari hamda esdalik sovgʻalari ulashildi.

Samarqand garnizonidagi harbiy qism harbiy xizmatchilari tomonidan namoyish etilgan harbiy-texnika va qurol-aslahlar koʻrgazmasi hamda harbiy orkestr jamoasi tomonidan namoysh etilgan konsert dasturlari yoshlarga koʻtarinki kayfiyat baxsh etdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati