Nuroniylarga manzur bo‘lgan maroqli va mazmunli sayohat hamda konsert dasturi

0
817

Mudofaa vazirligi Faxriylar kengashi, vazirlik huzuridagi Jamoatchilik kengashi hamda O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab quvvatlovchi “Nuroniy” jamg‘armasi hakorligida keksalarni e’zozlashga qaratilgan qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.

Kecha, 14-oktabr kuni Qurolli Kuchlar faxriylari, nuroniy otaxon va onaxonlar ishtirokida “Yangi O‘zbekiston” hamda “G‘alaba bog‘i”ga uyushtirilgan sayohat ham ana shunday tadbirlar sirasiga kiradi.

Dastavval mehmonlar Qibray tumanida joylashgan “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida bo‘lib, u yerda yaratilgan majmualar, ajoyib tabiat manzaralari, so‘lim hududlarni tomosha qilishdi. Uch ming yillik tariximiz, ajdodlarimizning buyuk ishlari, xalqimizning milliy o‘zligi va  yurtimizning yangi qiyofasini namoyon etuvchi “Istiqlol” majmuasi, ayniqsa, faxriylarda katta taassurot uyg‘otdi.

Har kim poytaxtimizdagi “Shon-sharaf” davlat muzeyi, “Mangu jasorat” va “Matonat madhiyasi” monumentlarini, tarixiy-badiiy ekspozitsiyalarni o‘z ichiga olgan “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasiga borar ekan, bu yerdagi eksponatlarni ko‘rib hayratga tushadi, qalbi hayajonga to‘ladi. Navbatdagi manzilga yetib kelgan keksalarimiz ham majmua hududi bo‘ylab harakatlanar ekan, qalbida kechayotgan his-hayajonini yashira olmadi.

Majmuaga uyushtirilgan sayohat davomida “Shon-sharaf” muzeyida “Uch avlod uchrashuvi” doirasida davra suhbati ham bo‘lib o‘tdi. Unda so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushidagi ishtiroki, xususan, yurt tinchligi va ozodligi yo‘lida jon fido qilgan yurtdoshlarimizni yodga oldi. Shuningdek, aynan shu majmua hududida avlodlar uchrashuvlarini  tashkil etish yosh avlodning ma’naviy olamini yanada yuksaltirishga, ona Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilarining madaniy hordiq olishlari uchun Olmazor tumani xalq ta’limi bo‘limi faollari bilan hamkorlikda maxsus tashkil qilingan konsert dasturiga navbat yetib keldi.

Unda  Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli xonandalari hamda taniqli san’atkorlar ijrosida kuy-qo‘shiqlar, Mudofaa vazirligi faxriylar kengashi qoshida tashkil etilgan “Jasorat” vatanparvar to‘garagi a’zolari raqslari barchaga birdek manzur bo‘ldi.

Ayniqsa, iste’fodagi podpolkovnik, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Marat Hakimovning chiqishlari davraga pozitiv kayfiyat olib kirdi. Xususan, konsertga yig‘ilganlarning bari uning ijrosidagi “Bayrog‘ing boshingda hilpirar” qo‘shig‘iga jo‘r bo‘lishdi. 

Shu tariqa yuqori kayfiyatda o‘tgan tadbir yakunida “Nuroniy” jamg‘armasi vakillari tomonidan Qurolli Kuchlar faxriylari, nuroniy otaxon va onaxonlarga faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Leytenant Muhammadjon XO‘JAYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti