Sayyor qabul — xalq bilan muloqotning samarali usuli

0
2091

Bugun mamlakatimizda “Inson manfaatlari har narsadan ulug‘” degan ezgu g‘oyani hayotga tatbiq etish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Joylarda bevosita rahbarlar ishtirokida o‘tkazilayotgan sayyor qabullar ana shular jumlasidan.

Xususan, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda ularning muammolarini bartaraf etish maqsadida Markaziy harbiy okrug tasarrufidagi harbiy qism va garnizonlar kesimida xalq bilan ochiq muloqot o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan.

Okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Oybek Saidov boshchiligida Samarqand garnizonida o‘tkazilgan navbatdagi sayyor qabulda fuqarolarni qiynab kelayotgan ko‘plab muammolar o‘rganilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Sayyor qabulda garnizondagi barcha harbiy qism va muassasalardagi harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari, faxriylar hamda hududdagi boshqa fuqarolar o‘z murojaatlari bilan ishtirok etdi.

Murojaatlar qo‘mondon va soha mutaxassislari tomonidan yuzma-yuz tinglandi. Unga ko‘ra, harbiy xizmatchilarning oila a’zolarini bandligini ta’minlash va sog‘lig‘ini saqlash masalalari hamda oilaviy sharoitiga ko‘ra xizmat joylarini o‘zgartirish kabi bir qancha murojaatlar joyida muhokama etilib, ularni qanoatlantirish choralari ko‘rildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati