Tariximsan, taqdirimsan, kelajagimsan – ona tilim!

0
1672

Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurgan oyinayi hayoti til va adabiyotdur.  Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur.

Abdulla Avloniy

Ilohiy kitoblarda yozilishicha, so‘z dunyodagi barcha narsalarning asosidir. Rivoyat qiladilarki, Alloh o‘zining qudrati va jamoliga ko‘zgu bo‘ladigan yaratiq barpo etishni istaydi-yu, kunlarning birida: “Yaral!” (arabcha “Kun!” degan ma’noni bildiradi) deydi. Yaratgan amrining ifodasi bo‘lmish ana shu birgina so‘zning  kuchi bilan o‘n sakkiz ming olam va undagi jamiki narsalar dunyoga keldi. Tangri taolo odamzodga idrok va so‘zlash imkoniyatini berdi va barcha yaratiqlardan a’lo qildi. Butun olamga hokim qildi.

Inson o‘z nomiga munosib bo‘lishi uchun aql va til mo‘jizalaridan oqilona foydalanishi kerak. Aql orqali tafakkur etishi, zabon orqali o‘z bilganlarini boshqalarga o‘rgatishi yoki o‘rganishi, avlodlarini tarbiya qilmog‘i insonni qahraton sovug‘i-yu, yozning issig‘idan asradi, oziq-ovqat, kiyim-kechak topishida yo‘l ko‘rsatdi. Eng muhimi, inson olamni angladi va bu yorug‘ dunyoda o‘zligini topdi. Olamni idrok qilish mobaynida ma’naviyat kuchini, til qudratini anglab yetib, o‘zidan keyingi avlodlarga bilganlarini turli shaklda meros qoldirdi. Bu merosni o‘rganmoq o‘zligimizni o‘rganmoq, uni anglab yetish olamni anglab yetish demakdir. Olamni anglab yetishimiz uchun so‘zlar ortida yashiringan ma’nolarni chaqmog‘imiz lozim.

Buning uchun, avvalo, o‘z ona tilimizning, shu bilan birga, boshqa tillarning ham imkoniyatlarini, ma’no tovlanishlarini chuqur bilmog‘imiz va hurmat qilmog‘imiz darkor. So‘z orqali dunyo barpo bo‘lganidek, u orqali ko‘rib turgan, bilgan va bilmagan olamimiz vayron bo‘lishi hech gap emas. Til faqat olamni emas, inson qalbini ham vayron  qilishga qodir. Ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy “Mahbub ul-qulub” asarida shunday yozadi: “Baxt bag‘ishlovchi toza ruh manbayi ham til; yomonliklar keltiruvchi nahs yulduzining chiqar joyi ham til. Til shuncha sharafi bilan nutqning qurolidir. Agar nutq noma’qul bo‘lib chiqsa – tilning ofati”. Demak, so‘z qudrati, til imkoniyatini anglash har birimiz uchun oliy va ezgu maqsad bo‘lib qolishi shart. Chunki bizning yaratiqlardan farqimiz ham insoniy lisonimizda.

O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov “So‘z latofati” kitobida shunday yozadi: “Bizning shunday ulug‘ she’riyatimiz bor, boylikda beqiyos ona tilimiz bor. Til millatning bosh belgisi hisoblanadi”. O‘zbek tili turkiy tillar oilasiga mansub. Biz bu tilni ilk bor beshikda eshitganmiz. Shu tilda so‘zlashib katta bo‘lmoqdamiz. Bog‘chaga, maktabga borganimizda har tong ona tilimizda yozilgan madhiyani kuylaymiz. Quvonch-u shodligimizni, g‘am-qayg‘umizni ham shu tilda bildiramiz. Qadim zamonlarda ota-bobolarimiz ham shu tilni “ona tilim”, deya g‘ururlanganlar. Millatimiz o‘z madaniyatini, ma’naviyatini ona tilimizda mujassam etgan. Buyuk mutafakkir, shoir va yozuvchi bobolarimiz ona tilimizning cheksiz imkoniyatlarini, so‘z boyligini ko‘rsatib berganlar va bu tilda o‘lmas asarlar yaratganlar.

Hozirgi kunda bizgacha yetib  kelgan eng qadimiy adabiyotimiz namunalaridan biri Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘ati-t-turk” asaridir. Bu asarda turkiy xalqlar adabiyoti, urf-odatlari va turkiy til imkoniyatlari haqidagi qimmatbaho fikrlar o‘rin olgan. Yana Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig”, Ahmad Yugnakiy, Xorazmiy, Atoiy, Lutfiy, Alisher Navoiy, Bobur, Ogahiy kabi ulug‘ ijodkor bobolarimiz yaratgan lirik g‘azallar, doston va ruboiylar, didaktik asarlar ona tilimiz qudratini to‘la namoyon qilgan.

Alisher Navoiy bobomizning barcha asarlari, ayniqsa, “Muhokamat ul-lug‘atayn”da o‘zbek va fors tillarini solishtirib, o‘z ona tilining tuganmas imkoniyatlarini ilmiy asoslab beradi. Alisher Navoiy turkiy tildagi yuzta harakat nomi, ya’ni fe’llarni sanab, ularning fors tilida muqobili yo‘q ekanini aytgan ekanlar. Qadimda turkiy til harbiy til sifatida foydalanilgan ekan. Chunki bu tildagi bir bo‘g‘inli fe’llar buyruq berish uchun qulay bo‘lgan. Tilimizda shakldosh so‘zlar juda ko‘p. Erkin Vohidov “So‘z latofati” asarida rang so‘zining o‘ttiz ikki, yuz so‘zining yuz xil ma’nosini, tilimizdagi ko‘plik, jo‘nalish, ot yasovchi qo‘shimchalarning soddaligini keltirib o‘tgan. Shakldosh so‘zlarning ko‘pligi arab va fors she’riyatida yo‘q, faqat turkiy she’riyatda bor bo‘lgan tuyuq janrining yuzaga kelishiga va rivoj topishiga zamin yaratgan.

Iyhom nomli she’riy san’atning ko‘p qo‘llanishi ham ona tilimiz mukammalligini namoyon qilgan. Askiya, so‘z o‘yini kabi bellashuvlar ham boshqa tillarda yo‘q. Ma’lumotlarga qaraganda, o‘zbek tili lotin, xitoy, hind, mo‘g‘ul, rus, Yevropa tillaridan bahramand bo‘lgan, hatto unut bo‘lib ketgan ko‘hna sanskrit so‘zlari ham tilimiz xazinasidan topilgan. Hisob-kitoblar shuni ko‘rsatadiki, butun dunyo yozuvchilari orasida Alisher Navoiy o‘z asarlarida 26 000 dan ortiq so‘z qo‘llab, so‘z mulkining sultoni maqomini olgan. Demak, ona tilimiz dunyo tillari orasida hech qaysi tildan kam emas. Ona tilimizning qudratini o‘rganmoq, chuqur bilmoq o‘zini o‘zbek deb bilgan har bir insonning oliy va muqaddas burchidir.

“Ko‘ngul maxzanining qulfi til va ul maxzanning kalidin so‘z bil”, deb  yozgan edi Alisher Navoiy. Haqiqatan ham til faqat muloqot uchun emas, insonlar o‘rtasidagi mehr-muhabbat rishtalarini bog‘lovchi vosita. Ko‘ngildagi yaxshi-yomon so‘zlar, fikr va g‘oyalar til orqali yuzaga chiqadi. Tili va dili bir bo‘lgan odam har yerda hurmat topadi va e’zozlanadi. Bir tilda gapiruvchi ikki inson bir-birini tushunadi. Ammo boshqa millat vakili bilan gaplasholmaydi. Natijada, til o‘rganishga bo‘lgan ehtiyoj seziladi.

Kimki boshqa tilni o‘rgansa, demak, u o‘sha millatning madaniyatini, ma’naviyatini, tarixini, til qudrati va boyligini o‘rganadi. Buning uchun esa avvalo, o‘z ona tilimizni o‘rganishimiz, qadrlashimiz kerak. Inson har daqiqada yetuklikka intilmog‘i va bu – inson hayotining bosh maqsadi bo‘lmog‘i lozim. Bu maqsadga esa  ma’naviyat kuch-qudrati yordamida erishiladi. Ma’naviyat esa xalqlar, millatlar o‘rtasidagi munosabatlar, ezgu g‘oyalar, orzu-umidlar, ilm-ma’rifat orqali shakllanadi.

Bularning barchasi tilda o‘z aksini topadi. Shiddat bilan rivojlanayotgan zamonda yashamoqdamiz. Yurtimiz kelajagi, millatimiz taqdiri biz, yoshlarga bog‘liq. Har birimiz ona tilimiz va boshqa chet tillar ilm-ma’rifatini o‘rganib, Vatanimiz taraqqiyotiga o‘z hissamizni qo‘shishimiz bizning farzandlik burchimizdir. Ma’rifatparvar shoir Avaz O‘tar “Til” she’rida shunday yozadi:

“Har tilni biluv emdi bani odama jondur,

Til vositayi robitayi olamiyondur.

G‘ayri tilini sa’y qiling bilgani, yoshlar,

Kim ilm-u hunarlar bilonki ondin ayondur”.

Rivoyat qilishlaricha, Mirzo Bedil ko‘chada ketaturib o‘z baytlarini buzib xirgoyi qilayotgan devorzan yonida to‘xtabdi va indamay uning tergan g‘ishtlarini yiqitaveribdi. Devorzan dod solgan ekan, shoir unga shunday debdi: “Men faqat devoringni buzdim, sen esa she’rimni buzib, xonumonimni vayron qilding. Kim ko‘proq faryod ko‘tarishi kerak, senmi yo menmi?” Devorzan tavba qilib, uzr so‘ragan ekan.

Yer yuzida millatlar, xalqlar ko‘p bo‘lganidek, tillar ham ko‘p. Olimlar hisob-kitobiga ko‘ra, ularning soni 7 000 ga yaqin ekan. Bu miqdordan ko‘rinib turibdiki, katta yo kichik, mustaqil yo qaram, dasht-u sahrolar yoki go‘zal va qadimiy shaharlarda umr kechiruvchi xalqlar, elatlar o‘z ona tilida gaplashgan va gaplashyapti. Ammo o‘z ona tilining keyinchalik saqlanib qolishi, boyib borishi o‘sha millat va elat farzandlariga bog‘liq.

Agar o‘sha millat farzandi o‘z ona tilini hurmat qilmasa, so‘zlarni buzib talaffuz qilsa, boshqalar uning tilini hurmat qiladimi? Yuqoridagi rivoyatda Mirzo Bedil devorzanga she’rning egasi ekanligini, uni har kim istalgan shaklda aytishi mumkin emasligini uqtirib qo‘ydi. Til ham shunday. Uni har kim o‘zgartirishga haqqi yo‘q. Til – millat mulki. Bu mulk esa millatning bor yoki yo‘q ekanini ko‘rsatadi. Tilni asramoq millatni asramoq degani. Millatni asramoq esa o‘zlikni asrash demakdir.

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi haqida shunday yozadi: “Xalqimizning muqaddas qadriyatlaridan biri bo‘lmish ona tilimiz o‘zining qonuniy maqomi va himoyasiga ega bo‘ldi. Bu Vatanimiz tarixida tom ma’nodagi buyuk voqea edi”. Istiqlol bizga ona tilimizni, o‘zligimizni qaytardi. Bu kunlar uchun necha-necha qurbonlar berildi. O‘z boyligimizni asramoq o‘z qo‘limizda. Ona tilimizning xazinasini tiklamoq va boyitmoq uchun har birimiz kurashmog‘imiz, harakat qilmog‘imiz darkor. Erkin Vohidov  shunday yozadi:    

“Fikrat – daryo, g‘aflat ko‘lmakdir,

Daryo – hayot , ko‘lmak o‘lmakdir”.

So‘zimni  tugatar ekanman, avar xalqining sodiq farzandi, avar tilining jonkuyar shoiri Rasul Hamzatovning “Ona tilim” she’ridagi ushbu misralar har birimizning qalbimizda aks sado berib turishini va ona tilimizga bo‘lgan  cheksiz mehr-muhabbatimiz, hurmatimiz ifodasi bo‘lib, millatimiz taqdiri haqida bosh qotirishga undovchi kuch, oliy va ezgu maqsad bo‘lishini xohlardim:

“Mayli, kim qay tildan zavq-u shavq olsa,

Mening o‘z tilimga ming jonim fido.

Erta ona tilim agar yo‘qolsa,

Men bugun o‘lishga bo‘lurman rizo.

Mayli, qashshoq bo‘lsin,

                    mayli, behasham,

Lekin mening uchun aziz va suyuk.

Jahon minbaridan yangramasa ham

Ona tilim menga muqaddas buyuk”.

Fayzullo ZIKRIYOYEV,

“Temurbeklar maktabi” o‘quvchisi