Qarshida harbiy xizmatchilar “Muruvvat” uyi tarbiyalanuvchilari holidan xabar oldi

0
4674

Qarshi shahrida joylashgan nogironligi boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashgan “Muruvvat” uyida hozirda 300 nafar bola tarbiyalanmoqda. Bu yerda ularning yashash tarzi, davo muolajalari, taʼlim-tarbiyasi uchun barcha sharoit yaratilgan. Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug harbiy xizmatchilarining sharofati bilan 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni ushbu muruvvat uyida ham koʻtarinki ruhda nishonlandi.

Qalbi zavq-u shavqqa to‘lgan bolajonlar mehmonlarni xursandchilik kayfiyati bilan qarshiladi. Tashrif mobaynida mazkur muassasada yaratilgan shart-sharoitlar, bolajonlarning ijtimoiy himoyasi bilan bog‘liq amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishildi.

Harbiy orkestr, san’atkorlar va qo‘g‘irchoq teatri jamoalarining chiqizlari bayramning yanada fayzli, ko‘tarinki ruhda o‘tishiga hissa qo‘shdi.

4 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan jami 300 nafar bola tarbiyalanayotgan ushbu muruvvat uyi bolajonlarining ko‘nglini ko‘tarish uchun ularga okrug qo‘mondonligi va hamkor tashkilotlarning esdalik sovg‘alari tuhfa etildi.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati