Vodiy polvonlari mudofaa vaziri kubogi uchun kurashmoqda

0
3215

Yurtimizning barcha hududlarida 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan sportsevar yoshlar o‘rtasida milliy kurash va tosh ko‘tarish bo‘yicha mudofaa vaziri kubogining mahalla bosqichi bo‘lib o‘tmoqda.

Ana shunday bellashuvlar vodiylik yosh polvonlar o‘rtasida ham qiziqarli kechdi. Xususan, musobaqalarda Farg‘ona  viloyati Qo‘qon shahridagi “Usta bozor”, “Navoiy guzar”, “Oq oltin”, “Rayxon”, “Degrezlik”, “Aziz tepa”, “Marg‘ilon darvoza”  mahallalarining 200 dan ortiq  hamda Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani “Obod” mahallasining 100 ga yaqin yoshlari o‘zaro kuch sinashishdi.

Musobaqada shahar va tuman hokimligi mutasaddilari, Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining o‘ribosari, harbiy xizmatchilar, tuman Mudofaa ishlari bo‘limi ma’sullari, Yoshlar ishlari agentligi a’zolari hamda boshqa davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etib, yoshlarni qo‘llab-quvvatlab turdi.

Mazkur bellashuv ham boshqalari singari ko‘plab sportsevar yoshlarni birlashtirgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, medal, diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Shuningdek, musobaqalarda eng yuqori natijalarni qayd etib, tengdoshlari orasida mutlaq ustinlikka ega bo‘lgan polvonlar navbatdagi bosqichga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati