Harbiy xizmatchilarning texnik kasb mutaxassisligi bo‘yicha bilimlari oshirilmoqda

0
551

Buxoro garnizonida joylashgan harbiy qismlarning birida shartnoma va muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar uchun ommaviy-texnik kasb mutaxassisligi bo‘yicha to‘garak tashkil etildi.

Mazkur to‘garak O‘zbekiston Mudofaa vazirligi hamda Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumiga asosan faoliyat yuritadi.

Shuningdek, harbiy o‘quvchilar bilan bir qatorda “Vatanparvar” tashkilotining avtomototransport vositalari haydovchilari ham ushbu o‘quv kursidan tahsil olmoqda. Hozirda ilmga chanqoq yoshlar 4 guruhga bo‘lingan holda mazkur mutaxassislik bo‘yicha tajriba orttirmoqda.

Harbiy xizmatchilarning salohiyatini yanada oshirish uchun harbiy qismda barcha shart-sharoitlar yaratilgan bo‘lib, ularga nazariy hamda amaliy ko‘nikmalar asosida bilim berilyapti. Bundan tashqari, harbiy o‘quvchilar sportning motokross, karting, yozgi biatlon, pnevmatik quroldan o‘q otish va modelizm turlari bilan shug‘ullanib, o‘zini har tomonlama chiniqtirib bormoqda.

Bu kabi to‘garak-mashg‘ulotlar “Ustoz-shogird” shiori ostida yuqori saviyada davom etmoqda.

Janubiy-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati