Janubda mudofaa vaziri kubogi uchun qizgʻin bahslar davom etmoqda

0
2842

Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida 18 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan sportsevar yoshlar oʻrtasida milliy kurash va tosh koʻtarish boʻyicha mudofaa vaziri kubogining mahalla bosqichi boʻlib oʻtmoqda.

Termiz shahrining “Alpomish” stadionida “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida shaharda joylashgan “Baynalminal”, “Doʻstlik” va “Shodlik” mahallalari yoshlari alohida-alohida toʻrt vazn toifasida musobaqalarda ishtirok etishdi.

 

Dastlab davlatimiz madhiyasi bilan boshlangan musobaqalarning ochilish marosimida Termiz garnizoni harbiy xizmatchilarining koʻrgazmali chiqishlari namoyish etildi. Shundan soʻng, milliy kurash hamda tosh koʻtarish boʻyicha musobaqalarga keng oʻrin berildi.

Qiziqarli ravishda tashkil etilgan bellashuvlarni malakali hakamlar jamoasi baholab bordi. Bellashuvlarda mahorat va tajriba bobida ustun boʻlgan gʻoliblar musobaqalarning tuman bosqichida ishtirok etish yoʻllanmasini qoʻlga kiritdilar. Gʻoliblarni taqdirlash marosimida polkovnik Poʻlatjon Sativaldiyev mahalla gʻoliblariga tantanali ravishda diplom, medal ham esdalik sovgʻalarni topshirdi.

Yoshlar oʻrtasida mudofaa vaziri kubogi uchun milliy kurash va tosh koʻtarish boʻyicha sport musobaqalari Surxondaryo viloyatining barcha tumanlaridagi mahallalarda koʻtarinki ruhda davom etmoqda.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV, Termiz garnizoni