Matbuot anjumani: Mudofaa vazirligi tizimida harbiy ta’lim

0
3516

Bugun, 30 may kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “Mudofaa vazirligi tizimida harbiy ta’lim: harbiy kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash masalalari. Oliy harbiy ta’lim muassasalariga nomzodlarni qabul qilish tartibi” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.

Matbuot anjumanida mudofaa vazirining matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi polkovnik Otabek Yuldashev, Mudofaa vazirligi Harbiy kadrlarni tayyorlash boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Ulug‘bek Mamadaliyev, tibbiy ta’minot boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari tibbiy xizmat polkovnigi Abdug‘ani Yuldashev spiker sifatida mavzu yuzasidan harbiy ta’lim tizimidagi keng ko‘lamli ishlar haqida tegishli ma’lumotlar berib o‘tishdi.   

Barchamizga ma’lumki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ta’lim tizimini izchil rivojlantirish borasida aniq, izchil va keng ko‘lamli kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ta’lim-tarbiya jarayonini takomillashtirish, tayyorlanayotgan harbiy kadrlarni har tomonlama yetuk, yuqori bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan, dunyoqarashi va fikrlash doirasi keng mutaxassislarni tayyorlash uchun Mudofaa vazirligida harbiy kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish tizimi prinsipial jihatdan mutlaqo yangi asosga o‘tkazildi.

Anjumanda ta’kidlanganidek, hozirda Mudofaa vazirligi tasarrufida Qurolli Kuchlar akademiyasi, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti,O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy aviatsiya bilim yurti, Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy tibbiyot akademiyasi kabi oliy harbiy ta’lim muassasalari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Kichik mutaxassislarni tayyorlash markazi, Mudofaa vazirligi “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi harbiy ta’lim muassasalari mavjud. Ularda mustahkam dunyoqarashga, bilim va tajribaga, yuksak kasbiy malaka va ma’naviy-axloqiy fazilatlarga, mantiqiy fikrlash qobiliyatiga ega bo‘lgan ofitserlar tarkibi tayyorlanadi.

Bundan tashqari, Mudofaa vazirligi tasarrufida 4 ta, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining Harbiy tayyorgarlik o‘quv markazi, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti Harbiy ta’lim fakulteti, Buxoro davlat universiteti Harbiy ta’lim fakulteti, Farg‘ona davlat universiteti Harbiy ta’lim fakulteti kabi harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalari mavjud. Ular O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari ehtiyojlari uchun safarbarlik rezervlarini shakllantirish va ulardan foydalanish jarayonini optimallashtirish, shuningdek, rezerv va zaxira ofitserlarini tegishli harbiy-hisob ixtisosliklari bo‘yicha sifatli tayyorlash uchun mo‘ljallangan.

Shuningdek, anjumanda oliy harbiy ta’lim muassasalaridagi tanlov bosqichlari o‘tgan yilgilardan farqli ravishda soddalashtirilgan, byurokratiya va inson omilini aralashuviga chek qo‘yilgan va ochiqlik siyosatiga asoslangan holda olib borilayotgani haqida ham alohida ma’lumotlar berib o‘tildi.

Matbuot anjumanining ikkinchi qismida spikerlar mavzu yo‘nalishi bo‘yicha jurnalist va blogerlarning qiziqtirgan savollariga atroflicha javob berdilar.

Mudofaa vazirligi axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti