Qashqadaryoda keng qamrovli sayyor qabul o‘tkazildi

0
3404

Qashqadaryo viloyatida joylashgan Oliy harbiy aviatsiya bilim yurtida Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi raisi, Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni, Qarshi Harbiy prokuraturasi, Qarshi Harbiy sudi raislari ishtirokida keng qamrovli sayyor qabul tashkil etildi.

Dastavval soʻz olganlar tomonidan hozirgi kundagi dolzarb muammo – korrupsion holatlar va ularning oldini olish borasida maʼlumotlar va koʻrsatma berildi. Oila – muqaddas dargoh. Uni avaylash, farzandlar tarbiyasiga alohida eʼtibor qaratish masalalar ham maʼruzalarning diqqat markazida boʻldi.

Shundan soʻng oliygohning yozgi Madaniyat saroyida Qarshi garnizonida xizmat vazifasini oʻtayotgan harbiy xizmatchilar hamda ular oila aʼzolarining uchrayotgan muammo va kamchiliklar yuzasidan murojaatlari tinglandi. Harbiy xizmatchilarning band boʻlmagan turmush oʻrtoqlarini ish bilan taʼminlash, oilaviy sharoitiga koʻra xizmat joylarini oʻzgartirish kabi bir qancha murojaatlar joyida muhokama etilib, yechimlari yuzasidan masʼul xodimlarga koʻrsatmalar berildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi raisi Sadriddin Eshanqulov sayyor qabulda qatnashayotgan harbiy xizmatchilarga terrorizm va ekstrimizm bilan bogʻliq jinoyatlar mavzusida ma’ruza qildi.

Har bir savolga mutasaddi shaxslar tomonidan birin-ketin javob berilayotgani, samimiy yoʻl-yoʻriqlar koʻrsatilayotgani harbiy xizmatchilar va ular oila aʼzolarining ijtimoiy himoyasi doimo eʼtiborda ekaniga isbot boʻlmoqda.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati