Pastdarg‘om va Payariq tumanlarida eng katta yoshlar festivali o‘tkazildi

0
3211

Samarqand viloyatining Pastdarg‘om hamda Payariq tumanlarida “Yoshlar oyligi” doirasida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida keng qamrovli festivallar o‘tkazildi. 

Har bir tumanning markazlarida o‘tkazilgan festivallar erta tongdan harbiy orkestr sadolari ostida “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” yurish marafoni bilan boshlandi.

Unda viloyat va tuman sektor rahbarlari, Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi ofitserlari, O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi va Yoshlar ittifoqi kengashi a’zolari,  keng jamoatchilik vakillari hamda tumanlardagi aholi va yoshlar faol ishtirok etdi. Mazkur festival tadbirlariga Pastdarg‘om tumanidan 50 ming hamda Payariq tumanidan 70 mingdan ortiq aholi vakillari, shu jumladan yoshlar qamrab olindi.

Festivalga kelganlar yurish marafonidan so‘ng dastavval badantarbiya mashg‘ulotlarini bajarib, istirohat bog‘larida tashkil etilgan turli ko‘rik tanlovlar va sport musobaqalarida belashishdi. Ayniqsa, tumanlardan kelgan yoshlar o‘rtasida “Milliy kurash” va “Tosh ko‘tarish” musobaqalari qiziqarli kechdi. Samarqand garnizonidagi harbiy qism harbiy xizmatchilari tomonidan harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi hamda qo‘l jangi chiqishlari namoyish etildi.  

Festival yakunida faol ishtirok etgan yoshlar hamda sport bellashuvlari g‘oliblari tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi,  shundan so‘ng esa barcha ishtirokchilar uchun Respublikamizning taniqli san’atkorlari ishtirokidagi gala-konsert dasturi tashkil qilindi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati