Termizda qurol-yarogʻ va harbiy texnikalar qishki mavsumda foydalanish rejimiga oʻtkazilmoqda

0
763

Termiz garnizonida joylashgan aloqachilar batalyoni harbiy xizmatchilari qurol-yarogʻ va harbiy texnikalarni yozgi sharoitdan qishki sharoitda foydalanish rejimiga oʻtkazish boʻyicha ishlarni amalga oshirmoqdalar.

Ushbu kompleks tadbirlar harbiy texnikalarni yuqori jangovar shaylik darajasida ushlab turish hamda ob-havoning sovuq sharoitida sozligini taʼminlash uchun oʻtkaziladi.

– Harbiy texnika va qurol-aslahalarning jangovar shayligini taʼminlashda ularga koʻrsatilayotgan texnik xizmatlarning ahamiyati katta. Har bir komandir, har bir harbiy xizmatchi oʻziga biriktirilgan qurol-yarogʻ va harbiy texnikaning soz va shayligi uchun masʼuldir, – deydi katta serjant Maʼrufjon Alladoʻstov.

Mazkur tadbirlarni bajarish chogʻida harbiy qismlardagi texnikalarda sovutish suyuqliklari almashtiriladi, har bir jangovar mashina agregat va tugunlari tekshiriladi, filtrlarni tozalash va almashtirish ishlari oʻtkaziladi, yoqilgʻi-moylash ashyolari yangisiga almashtiriladi, elektr va aloqa jihozlarining sozligi nazoratdan oʻtkaziladi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida qurol-aslaha va harbiy texnikalarni mavsumiy foydalanish rejimlariga oʻtkazish yiliga ikki marotaba – bahor va kuzda tashkil etiladi.

Tadbir rejasiga koʻra oktyabr oyining oxirigacha Janubiy operativ qoʻmondonligi tasarrufidagi harbiy qismlarda mavjud qurol-aslaha va harbiy texnikalarning barchasi qishki mavsumda foydalanish uchun shay holatga keltiriladi.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV,
Termiz garnizoni