Olis manzillarda keng qamrovli yoshlar festivali

0
3573

Mudofaa vazirligiga qarashli Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanida joylashgan harbiy qism dala-o‘quv maydonida tuman hokimligi va xalq ta’limi bo‘limi bilan hamkorlikda “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida keng qamrovli yoshlar festivali tashkil etildi.

Festival tumandagi “Qoratosh, “Zarkent”, “Do‘stlik”, “Namuna” hamda “Qovunchi” mahallalarida istiqomat qiluvchi yoshlarni ijtimoiy faolligini oshirish, iste’dodi va tashabbuslarini rag‘batlantirish hamda hayotda o‘z o‘rnini topishlariga ko‘maklashishga qaratildi.

Tadbir avvalida harbiy xizmatchilar tomonidan taqdim etilgan qo‘l jangi chiqishlari,  zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnikalar namoyishi o‘quvchi-yoshlarga bir olam quvonch ulashdi.

Ana shunday yuqori kayfiyat bilan boshlangan harbiy-vatanparvarlik festivali o‘quvchi-yoshlarda jasurlik va mardlik, faxr va iftixor tuyg‘ularini oshirishga qaratilgan “Mard askar yoshlarga namuna” mavzusidagi davra suhbatlariga ulanib ketdi. Keng qamrovli harbiy-vatanparvarlik festivali yoshlarni ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlab, ulardagi iste’dod va iqtidorni namoyon etishga, eng muhimi, ularda yurt ravnaqi uchun dahldorlik hissini oshirishga xizmat qilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.  

Festival doirasida mahalla yoshlari o‘rtasida sport musobaqalari ham o‘tkazildi.

Tadbir so‘ngida o‘z iste’dodini namoyon etgan faol yoshlar hamda sport musobaqalari g‘oliblari tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.  

Behzod QURBONOV,
O‘zDJTU Media va kommunikatsiya fakulteti talabasi