Samarqandda mudofaa vaziri kubogi uchun “Milliy kurash” va “Tosh koʻtarish” musobaqalari oʻtkazildi

0
4692

Samarqand viloyatining Samarqand tumanidagi “Rustam” mahallasida “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida mamlakatimiz boʻylab oʻtkazilayotgan “Yoshlar oyligi” doirasidagi mudofaa vaziri kubogi uchun “Milliy kurash” va “Tosh koʻtarish” musobaqalarining dastlabki bosqichi oʻz yakuniga yetdi.

Yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib etish, ularni sportga jalb etish maqsadida tashkil etilgan mazkur musobaqa bosqichi harbiy orkestr sadolari, yurt himoyachilari va sportchi bolajonlarning koʻrgazmali chiqishlari bilan boshlandi.

Taʼkidlash lozimki, dastlab bosqichda tumandagi mavjud 74 ta mahalla yoshlari oʻrtasidagi bellashuvlarga 5000 nafarga yaqin oʻgʻlonlarning ishtirok etishi rejalashtirilgan.

“Rustam” MFYda oʻtkazilgan musobaqada mahalla yoshlari milliy kurash boʻyicha 60, 66, 73 va 81 kg vazn toifalarida gilamga tushgan boʻlsa, tosh koʻtarishda esa yosh polvonlar 60, 65, 70, 75 kg.dagi vaznlarda birinchilik uchun kurash olib bordilar.

Markaziy harbiy okrugning masʼul ofitserlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etgan musobaqa yakunida gʻolib va sovrindor polvonlar tashkilotchilar tomonidan faxriy yorliq, diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandilar hamda mudofaa vaziri kubogi uchun “Milliy kurash” va “Tosh koʻtarish” musobaqalarining keyingi bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdilar.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati