Harbiy qismda bir kunim

0
2847

Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida Zangiota tumanidagi umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari hamda uyushmagan yoshlar ishtirokida “Harbiy qismda bir kunim!” shiori ostida harbiy-vatanparvarlik tadbiri boʻlib oʻtdi.

Yoshlar bilan ishlash dolzarb masala. Ularni barkamol voyaga yetkazish, hayotda munosib oʻrin olishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish jamiyatda sogʻlom turmush tarzini qaror toptirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Binobarin, yoshlarimiz orasida foydali mashgʻulotlar bilan band boʻlmagan, ishsizlik yoxud turli sabablar tufayli zararli illatlarni odat qilgan, hatto jinoyat koʻchasiga kirib qolayotganlar ham afsuski topiladi. Bu boradagi muammolarni hal etish maqsadida samarali mexanizmlarning hayotimizga tatbiq etilayotgani kelajagimiz vorislari, ayniqsa, uyushmagan yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yangilanishlar jarayonida ijtimoiy faolligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Harbiy-vatanparvarlik tadbir doirasida yoshlar bilan turli mavzularda fikr almashildi. Tadbir ishtirokchilari oʻquv dargohida kursantlarning bilim olishi, oʻz iqtidorini namoyon etishi, kelajakda yetuk malakali mutaxassis boʻlib kamol topishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar borasida keng tasavvur ega boʻldilar.

Mayor Sherqoʻzi HAKIMOV, Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti