Harbiy xizmatchilarning farzandlariga imtiyozli tavsiyanomalar topshirildi

0
3572

Qurolli Kuchlar akademiyasida harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasini taʼminlash maqsadida ularning farzandlariga oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanomalarni topshirish marosimi oʻtkazildi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiylari va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori talablariga muvofiq 45 nafar harbiy xizmatchilar farzandlariga Oliy taʼlim muassasalari bakalavriatiga oʻqishga kirish uchun besh foizli kvota beradigan tavsiyanomalar tantanali ravishda topshirildi.

Tadbirda Qurolli Kuchlar akademiyasi boshligʻi polkovnik Babur Shayaqubov soʻzga chiqib, mamlakatimizda harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolariga koʻrsatilayotgan eʼtibor masalalarini alohida taʼkidlab oʻtdi.

– Ochigʻini aytsam, otamning xizmatlari orqali tavsiyanomaga loyiq deb topilishim menga kutilmagan hol boʻldi, biz yoshlar yaratilayotgan bu kabi imkoniyatlardan mamlakatimiz Prezidentiga minnatdorchilik bildirib, berilgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda kelajakda oʻz sohamizning yetuk kadrlari boʻlib yetishishga vaʼda beramiz, – deydi Asadbek Asqarov.

Marosim soʻngida tadbir ishtirokchilari esdalik uchun suratga tushdilar.

Sherzod EGAMBERDIYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti