Angrenda “Xalq bilan ochiq muloqot” aksiyasi doirasida sayyor qabul oʻtkazildi

0
6634

Angren shahrida joylashgan harbiy qismda Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi raisi Sadriddin Eshonqulov va Toshkent harbiy okrugi qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Zokirjon Sayfuddinov harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari hamda  shahar aholisi bilan ochiq muloqot oʻtkazdilar.

Mazkur tadbir harbiy xizmatchilarning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga, aholi va yoshlarni Qurolli Kuchlar va harbiy xizmat sohasida uchrab kelayotgan muammolarni hal etishga qaratilganligi bilan ahamiyatli boʻldi.

Qoʻshinlar qoʻmondoni dastlab aholi va yoshlarga milliy armiyamizning bugungi qudrati va unda yaratilgan shart-sharoitlar xususida soʻz yuritib, muddatli harbiy xizmatga chaqiruv tadbirlari, kontrakt asosida harbiy xizmatga qabul qilish tartibi haqida maʼlumotlar berdi.

Shundan soʻng, harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari, aholi va yoshlar bilan ochiq muloqot oʻtkazilib, ularning murojaatlari tinglandi. Unga koʻra, turli yoʻnalishlar boʻyicha 50 dan ortiq, jumladan kontrakt asosida harbiy xizmatga qabul qilish, uy-joy bilan taʼminlash masalalari, tibbiy xizmat koʻrsatish, harbiy xizmat joyini koʻchirish kabi murojaatlar yuzasidan tegishli choralar koʻrildi.

Murojaatlarning 28 tasi shu joyning oʻzida ijobiy hal etilgan boʻlsa, maʼlum bir vaqt talab etadigan qolgan murojaatlar yuzasidan Toshkent harbiy okrug qoʻmondonligining nazorati ostida qonuniy va ijobiy qaror qabul qilinishi haqida maʼlumot berildi.

Toshkent harbiy okrug matbuot xizmati