“Sazagan”da harbiy topografiya xizmati vakillari oʻzaro tajriba almashishdi

0
6503

Avval xabar berganimizdek, Markaziy harbiy okrugida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Qurolli Kuchlari topografiya xizmatlarini Muvofiqlashtirish qoʻmitasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.

Yigʻinning ikkinchi kunida topografiya xizmati mutaxassislari okrugning “Sazagan” dala-oʻquv maydonida oʻzaro tajriba almashishdi. Xususan, Mudofaa vazirligi harbiy topografiya xizmati xodimlari tomonidan harbiy delegatsiya vakillari uchun mobil geoaxborot taminoti kompleksi va harakatlanuvchi navigatsion-topografik majmuasida yaratilgan sharoitlar va imkoniyatlar namoyish etildi.

Shuningdek, uchuvchisiz uchish apparat yordamida aerofoto tasvirga olish va joydan olingan suratlarni mobil geoaxborot taminoti kompleksida qayta ishlash va yangilangan fotoxaritalarni nashr qilish amaliyoti namoyish etildi.

—Muvofiqlashtirish qoʻmitasining navbatdagi yigʻilishini oʻtkazishdan asosiy maqsad, oʻzaro tajriba almashish va hamkorlik koʻlamini kengaytirishdan iboratdir,— deydi Qurolli Kuchlar Bosh shtabi Navigatsiya-geoaxborot taʼminoti boshqarmasi boshligʻi Baxrom Sultanov. Anʼanaviy tarzda oʻtkaziladigan ushbu yigʻinlar davomida biz oʻzaro tajriba almashamiz va uni amaliyotga tadbiq etamiz. Bugungi dala-oʻquv maydonida oʻtkazilgan mashgʻulotlar davomida ham biz oʻz imkoniyatlarimiz va sharoitlarimizni namoyon etib, hamkasblarimiz bilan oʻrtoqlashdik hamda uni yanada takomillashtirish va MDHga aʼzo davlatlarning Qurolli Kuchlarida joriy etish borasida fikrlashdik. Bu esa oʻz navbatida ushbu sohada yangi texnologiyalarni joriy etish, soha vakillarini bilim va koʻnikmalarini oshirish hamda yuklatilgan jangovar vazifalarni tez, aniq va aʼlo darajada ado etishga xizmat qiladi.

Oʻtkazilgan mashgʻulotlardan soʻng, MDH ning harbiy topografiya xizmati vakillari koʻhna va navqiron boʻlgan Samarqandning diqqatga sazovar boʻlgan tarixiy obidalari va maskanlariga sayohat qilishdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati