Janubda harbiy qism tashkil etilgan kun keng nishonlandi

0
4714

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugning Xayrobod garnizonida joylashgan harbiy qism tashkil etilgan kun munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Janubiy operativ qo‘mondonligi boshlig‘i polkovnik Po‘latjon Sativaldiyev, Denov tuman xokimi Abdumalik Allamuradov, shuningdek davlat va jamoat tashkiloti vakillari, Qurolli Kuchlar va mehnat faxriylari, o‘quvchi yoshlar ishtirok etdi. 

Tantanali tadbirda Janubiy operativ qo‘mondonligi boshlig‘i so‘zga chiqib harbiy qism  uzoq yillik faoliyati davomida ko‘plab muvaffaqiyatlarga erishganini, harbiy xizmatchilarning tanlov va musobaqalardagi, xalqaro armiya o‘yinlaridagi yutuqlari alohida e’tirof etib kelinayotganini, bugungi kunda harbiy qismda harbiy xizmatni o‘tash uchun zamonaviy shart-sharoitlar va qulayliklar, harbiy xizmatchilarning oila a’zolarining istiqomat qilishlari uchun harbiy shaharchalar yaratilganini ta’kidlab o‘tdi.

Tadbir davomida yoshlarga harbiy texnikalar ko‘rgazmasi, faxriy qorovul bo‘linmasining saf tayyorgarligi, muddatli harbiy xizmatchilarning saf yurishlari namoyish qilingan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Surxondaryo viloyati boshqarmasi mas’ul shaxslari tomonidan harbiy qismda muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlarga ixtiyoriy ravishda avtotransport vositasini haydashni o‘rganish hamda haydovchilik guvohnomasini olish uchun qulayliklar yaratilganligi to‘g‘risida tushunchalar berildi.

Sana munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda o‘z burchini sidqidildan ado etayotgan bir guruh harbiy xizmatchilar hamda nafaqaga kuzatilayotgan harbiy xizmatchilar Janubiy operativ qo‘mondonligining tashakkurnomasi hamda Denov tumani hokimligining qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Albatta, bugungi dorilomon kunlarga shukronalik aytish, tinchlikning qadriga yetish har bir shu yurt farzandlarining vazifasidir. Uzoq yillik tarixga ega harbiy qism harbiy xizmatchilarning qadrdon go‘shasiga aylanib ulgurganligi bugungi tadbirda yaqqol namoyon bo‘ldi.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV,
Termiz garnizoni