Chirchiqdagi “Ochiq eshiklar kuni” yoshlarda katta taassurot qoldirdi

0
6802

Yoshlarni sohaga qiziqtirish, tizimda olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishtirish, ta’lim jarayonlarining qay yo‘sinda olib borilishiini bevosita kuzatish maqsadida Mudofaa vazirligi tasarrufidagi muassasalarda doimiy ravishda “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazilib kelinmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida o‘tkazildi. Unda hududdagi umumta’lim va kasb-hunar maktablari hamda Chirchiq olimpiya zaxiralari kollejida tahsil olayotgan o‘quvchi yoshlar ishtirok etdi.

Tadbir avvalida bilim yurtining tashkil etilishi tarixi, yillar davomida takomillashib borishi, erishilgan yutuqlar hamda ta’lim jarayonlari aks etgan videorolik namoyish etildi. So‘ngra yoshlar bilim yurti hududi, o‘quv xonalari, mashg‘ulot zallari, yotoqxonalarda yaratilgan sharoitlar hamda muzeydagi ko‘rgazmalar bilan yaqindan tanishishdi.

Shuningdek, tadbir davomida faxriy qorovulning chiqishlari, harbiy xizmatchilarning qo‘l jangi bo‘yicha amaliy mashqlari hamda kinologiya mutaxassislarining xizmat itlari bilan ko‘rgazmali namoyishlari ertamiz egalarida katta taassurot qoldirib, harbiylik kasbiga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirdi.

 Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti