Faxriylar xonadonidagi bayramona quvonch…

0
9770

9-may – Xotira va qadrlash kuni bayrami munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vazirining birinchi oʻrinbosari – Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshligʻi general-mayor Shuhrat Xolmuxamedov boshchiligidagi bir guruh harbiy xizmatchilar urush va mehnat faxriylari xonadoniga tashrif buyurdi.

Urush va mehnat faxriylari – Abdullajon Ortiqboyev, Xayeva Ribakova, Valeriya Sapriko, Zinaida Bolochenkova, Zeytuna Muratova, Mariya Karnishinalar bayram arafasidagi bunday yoʻqlovdan quvonchlarini sira yashira olishmadi.

Ayovsiz urushning qora sahnalari, ayriliq va motamning achchiq iztiroblarini bir-bir esga olgan qahramonlar bugungi ehtiromdan, tinch va osuda hayotgan mamnun ekanliklarini bot-bot taʼkidlab oʻtishdi.

Darvoqe, Vatanimiz tinchligi, yurtimiz farovonligi yoʻlida kurashgan ota-bobolarimizni yod etarkanmiz, ular bosib oʻtgan ogʻir yoʻllar koʻz oldimizda gavdalanadi. Urushning qonli maydonlarida qurbon boʻlgan ajdodlarimiz yodi barchamizga birdek faxr va iftihor tuygʻularini baxsh etadi.

Shu kuni keksalarning salomatligi harbiy shifokorlar tomonidan tekshiruvdan oʻtkazildi. Tashrif davomida faxriylarga bayram munosabati bilan yoʻllangan Prezident tabrigini oʻqib eshittiriddi. Soʻngra faxriylarga pul mukofoti, esdalik sovgʻalar tantanali ravishda topshirildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti