Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy sanatoriyasida 2022-yilgi mavsum boshlandi

0
6608

Toshkent viloyati Boʻstonliq tumani “Burchmullo” qishlogʻida joylashgan Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy sanatoriyasi 150 kishi uchun moʻljallangan boʻlib, lyuks, yarim lyuks, oddiy xonalardan iborat.

Xonalar zamonaviy mebellar, idish-tovoq anjomlari, televizor, muzlatgich, konditsioner, chiroyli gilamlar bilan jihozlangan. Sanuzel, dushxona, qoʻl yuvish moslamasi ham mavjud.

Oshxonada oʻz ishining ustasi boʻlgan oshpazlar mehnat qiladi. Bolajonlarning maroqli hordiq chiqarishlari uchun yoz boʻyi yashilligini yoʻqotmaydigan bolalar maydonchasi, basseyn ularning ixtiyorida.

 

Markaziy harbiy sanatoriya sanator-kurort davolanish va sogʻliqni tiklash yoʻnalishida faoliyat olib boradi. Bu yerda terapiya, nevrologiya, fizioterapiya, kurortologiya yoʻnalishlari mavjud. Davolash uchun UVCH, UZT, elektroforez, ionoforez, amplipuls, ingalyatsiya, sollyuks, parafin, vibratsion va rolikli massaj yoʻlga qoʻyilgan.

250 kishiga moʻljallangan klub, dam olish kunlarisiz faoliyat koʻrsatadigan kutubxona, bilyard, stol tennisi, sport maydoni, raqs maydonchasi, tabiiy suv havzasi, basseyn dam oluvchilarning koʻngilli dam olishlariga xizmat qiladi.

Dam oluvchilar uchun bu yerda Burchmulla qishlogʻining betakror tabiati, musaffo buloqlari-yu tarixiy ziyoratgohlaridan tashqari Chorvoq, Chotqol, Chimyon, Bildirsoy boʻylab piyoda sayohatlar tashkil qilinadi. Chimyon togʻ yon bagʻridagi uzunligi 800 metr va Bildirsoy togʻ yon bagʻrridagi uzunligi 4500 metr boʻlgan oʻrindiqli kanat yoʻllarida tabiat qoʻyniga qilinadigan sayrlar ham barchaga aʼlo kayfiyat ulashishi tabiiy.

2022-yil mavsumiga bir kishi, bir kunlik uchun belgilangan narxlar:

  • lyuks (100%) – 139 476 soʻm, yarim lyuks – 135 687 soʻm, oddiy xona 133 028 soʻm;
  • harbiy xizmatchilar uchun (12 kun, 25% miqdorida, oziq-ovqat shahodatnomasi taqdim etilganda) – lyuks 34 869 soʻm, yarim lyuks 33 922 soʻm, oddiy xona 33 257 soʻmni tashkil etadi.
  • barcha dam olish uchun kelganlarga kunlik oziq ovqat narxi – 47 934 soʻm;
  • Mudofaa vazirligi tizimida 20 yil va undan ortiq xizmat qilgan va nafaqaga chiqqan harbiy xizmatchilar, harbiy xizmatchilarning 12 yoshgacha boʻlgan farzandlari uchun umumiy yoʻllanma narxining 25% miqdorida hamda bir kunlik oziq ovqat narxi bilan qoʻshib hisoblaganda – lyuks 82 803 soʻm, yarim lyuks 81 856 soʻm, oddiy xona 81 191 soʻm;
  • harbiy xizmatchilarning ota onalari, turmush oʻrtoqlari (xotini, eri) 12 yoshdan katta farzandlari va QK ishchi xizmatchilari uchun umumiy yoʻllanma narxining 100% miqdorida – lyuks 187 410 soʻm, yarim lyuks 183 621 soʻm, oddiy xona 180 962 soʻm.

2022-yilgi mavsum uchun qabul 1-may sanasidan boshlandi. Sanatoriyada dam olish uchun yoʻllanmani yoki boshqa maʼlumotlarni harbiy okrugda joylashgan gospital, lazaret, poliklinika va kasaba uyushmalari boʻlimlaridan olish mumkin.