Harbiy xizmatchilar “Muruvvat uyi” tarbiyalanuvchilari holidan xabar oldi

0
3405

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni boshchiligidagi bir guruh harbiy xizmatchilar Qarshi shahridagi nogironligi bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan “Muruvvat uyi”ga tashrif buyurdi.

Bugungi kunda internat uyida 300 ga yaqin turli yoshdagi tugʻma nogironligi boʻlgan bolalar tarbiyalanmoqda. Okrug qoʻmondoni ushbu maskanda bolajonlarga bor mehrini ulashib xizmat qilayotgan tarbiyachilarga tashakkur aytib, ularga bayram sovg‘alarini ulashdi. Ularning bunday mashaqqatli mehnatlari eng oliy eʼtirofga loyiq ekani alohida ta’kidlandi.

Harbiy xizmatchilar shirin soʻz, sovgʻa-salomlar bilan bolajonlar qalbiga quvonch, yuzlariga tabassum ulashdi. Bayramona dastur jarayonlari esa yanada koʻtarinki kayfiyatni hadya etdi. Yurt posbonlari tomonidan tayyorlangan koʻrgazmali qoʻl janggi namoyishi, ayniqsa, diqqatga sazovar boʻldi. Qarshi garnizoni harbiy orkestri kuy-qoʻshiqlari barchani raqslarga chorladi. 

“Koʻngil – koʻngildan suv ichadi”, deydi dono xalqimiz. Tadbirni kuzatib, mehr insonning hayotiy ehtiyoji ekaniga amin boʻladi kishi. Yakunda harbiy xizmatchilar tomonidan osh damlanib, bayramona tushlik tashkil etildi.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati