Mudofaa vaziri kubogi uchun “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasi boshlandi

0
5259

Qurolli Kuchlar akademiyasining Chirchiq shahrida joylashgan oʻquv jarayonini taʼminlash bazasida mudofaa vaziri kubogi uchun “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasiga start berildi.

Musobaqaning tantanali ochilish marosimida mudofaa vazirining oʻrinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev va boshqalar mamlakatimizdagi oʻquvchi-yoshlar oʻrtasida ushbu uch bosqichli musobaqaning nufuzi yildan yilga tobora yuksalib borayotganini taʼkidladi.

Umumtaʼlim va nodavlat maktablarning 10- va 11-sinflarida tahsil olayotgan oʻquvchilar oʻrtasida oʻtkazilayotgan mazkur bellashuvning dastlabki tuman (shahar) bosqichida 8 969 ta maktabdan 100 mingdan ortiq oʻquvchi ishtirok etgan boʻlsa, II hududiy bosqichda 202 ta maktabdan 3 754 oʻquvchi qatnashdi.

Musobaqaning yakuniy final bosqichiga yetib kelgan 14 ta jamoa uchun dastlab Mudofaa vazirligi “Chimyon” togʻ tayyorgarligi oʻquv-mashqlar markaziga ekskursiya uyushtirildi. Shuningdek, motivatsion va psixologik seminar-treninglar oʻtkazildi.

Bu yilgi musobaqaning yanada kuchli raqobat va murosasiz kayfiyatda oʻtkazish uchun “Duatlon” sharti qoʻshilgan. Bundan tashqari, musobaqa ishtirokchilari “Mohir mergan”, “Harbiylashtirilgan estafeta”, “Jabrlanuvchiga birinchi yordam koʻrsatish”, “Temur tuzuklari” bilimdon» va “Safda qoʻshiq aytish” shartlari boʻyicha bellashuvlarga kirishib ketdi. Bellashuvning bir-biridan qizgʻin jarayonlari haqida yana xabar berib boramiz.

Eslatib oʻtamiz, ushbu musobaqa Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi hamda Oʻzbekiston mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining qoʻshma qarori asosida va hamkorligida oʻtkazilmoqda.

Leytenant Dilshod ROʻZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti