Hech kim mehr-eʼtibordan chetda emas

0
2734

Poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumanida joylashgan 101-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internatida “Yangi Oʻzbekiston maktab ostonasidan, taʼlim-tarbiya tizimidan boshlanadi” shoiri ostida ochiq eshiklar kuni oʻtkazildi.

Tadbirda Qurolli Kuchlar akademiyasi kursantlari va harbiy xizmatchilari, Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya, tuman prokuraturasi xodimlari, hududdagi maktab internati oʻqituvchi mutaxassislari va oʻquvchi-yoshlar ishtirok etdi.

 

Maktab hovlisida saf tortgan Qurolli Kuchlar akademiyasining harbiy orkestr jamoasi oʻzining quvnoq va jarangdor sadolari bilan bayram tadbirini boshlab berdi. Shundan soʻng akademiya kursantlari tomonidan namoyish etilgan koʻrgazmali qoʻl jangi chiqishlari barcha uchun manzur boʻldi.

 

Shundan soʻng Oʻzbekiston amaliy sanʼat va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi tomonidan turli yoʻnalishda ijod qilgan xalq ustalarining asar yaratish jarayoni aks ettirilgan fotosuratlar jamlanmasidan iborat “Asriy anʼanalar davomchilari” nomli foto-koʻrgazma tashrif buyuruvchilar eʼtiboriga havola etildi. Albatta, bu kabi koʻrgazmalarning tashkil etilishi bejiz emas. Chunki maktab internatidagi oʻquvchilarning koʻpchiligi amaliy sanʼat va hunarmandchilikka juda qiziqishadi. Ular tomonidan yaratilgan asarlar ham ochiq eshiklar kuni doirasida mehmonlar tomonidan yuqori baholandi.

Maktab internatida faoliyat yuritayotgan turli xil toʻgarak va mashgʻulotlar ham mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

– Bu maktab internati bilan doimiy aloqani yoʻlga qoʻyganmiz, – deydi Respublika harbiy prokurorining katta yordamchisi adliya polkovnigi Sherzod Haitov. – Bir safar oʻzimiz bu yerga tashrif buyursak, boshqa safar bolajonlarni ular qiziqadigan joylarga taklif qilyapmiz. Mana, yaqinda Qurolli Kuchlar akademiyasiga maktab jamoasi va bir guruh oʻquvchilarni taklif qilib, u yerda ham ochiq eshiklar kuni uyushtirdik. Umuman olganda “Hech kim mehr-eʼtibordan chetda emas” shoiri ostidagi bu kabi tadbirlar yoshlarimizni qoʻllab-quvvatlashda, ularning ijtimoiy hayotga moslashishida milliy armiyamiz ham oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda.

Tadbir soʻngida maktab jamoasi tomonidan tayyorlangan sahna koʻrinishlari namoyish etildi. 

Leytenant Islomjon QOʻCHQOROV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti