UNUTILMAS QAHRAMONLARGA EHTIROM

0
3422

Yillar yildirim. Buni ayrim lahzalardagina his qilasan. Qurolli Kuchlar davlat muzeyida 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan o‘tadigan tadbirlarda bir necha bor bo‘lganman. Yillarcha avval bu yer ko‘ksilari jangovar orden va medallarga to‘la Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari bilan gavjum bo‘lardi. Keyin ular safi yildan yilga kamayib bordi.

Bu gal… Ulardan hech kimni ko‘rmadik. “Unutilmas qahramonlarga ehtirom” deb nomlangan tadbirda ularning o‘rnida farzandlari, nabiralari ishtirok etdi. General-leytenant Sobir Axunjanov, general-mayor Abdullajon Ortiqboyev, general Sobir Rahimov rolini ijro etgan mashhur san’atkor Zikir Muhammadjonovning farzandi, professor Omonullo Muhammadjonov kabi bir qator insonlar taklif etildi.

Qurolli Kuchlar davlat muzeyida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuvlar o‘tkazilib borilishi yangilik emas. Bular orasida 9-may – Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlanganlari fayzga to‘laligi bilan alohida ajralib turadi. Ushbu tadbirda Qurolli Kuchlar faxriylari, kursantlar, harbiy xizmatchilar va maktab o‘quvchilari ishtirok etdi.

Shu kuni muzey boshlig‘i iste’fodagi polkovnik Musalim Nuriddinov mehmonlarni yangi tashkil qilingan muzey kutubxonasi, faoliyati yo‘lga qo‘yilgani Ilmiy bo‘lim, yangi tashkil qilingan “Yangi O‘zbekiston” paviloni bilan tanishtirdi.

Ta’kidlash lozimki, bu yerda faxriylar ishtirokida tashkil etilayotgan uchrashuvlar yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda. Bundan tashqari ularning har bir uchrashuvdan so‘ng o‘z kolleksiyalari yoki jangovar hayot yo‘llaridan esdalik, qadrli buyumlarini muzeyga tuhfa etishlariga ko‘p bor guvoh bo‘lganmiz. Shu kuni navbatdagi qimmatli buyumlar iste’fodagi polkovnik Xayrullo Sagdullayev tomonidan tuhfa qilindi.

Yuqorida yillarning tezobligi haqida bejiz to‘xtalmadim.Tadbirda “Vatanparvar” gazetasida bir necha yillar fidokorona xizmat qilgan, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, iste’fodagi podpolkovnik Abdurazzoq Obro‘yevni faxriylar safida ko‘rib ko‘nglimdan shu o‘y kechdi. Ustoz ham faxrli saflarda!

Tadbir so‘ngida Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansamblining xushovoz xonandalari tadbirga yanada fayz bag‘ishladi.

Inobat IBROHIMOVA,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti