Oʻrta tibbiyot xodimlarining bilim va koʻnikmalari mustahkamlandi

0
7174

Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qismlarning birida tibbiyot punktlari feldsherlari – dorixona boshliqlari bilan oʻquv-uslubiy yigʻin tashkil etildi.

Toʻrt kunlik yigʻin davomida harbiy qismlarda dorixonalar ish faoliyatini tashkil qilish, ularni jihozlash, dori-darmon va tibbiy uskunalar bilan taʼminlash, hisobot hujjatlari hamda ularni yuritish tartibi kabi mavzularda mashgʻulotlar oʻtkazildi. Shuningdek, jangovar harakatlar sharoitida yaralanganlarga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish, ularni jang maydonidan olib chiqish, keyingi bosqichlarga evakuatsiya qilish boʻyicha koʻrgazmali va amaliy mashgʻulotlar oʻtkazildi.

Yigʻin rejasiga asosan har bir ishtirokchining xizmat faoliyati yuzasidan hisoboti tinglanib, erishilgan yutuq va yoʻl qoʻyilgan kamchiliklari tanqidiy tahlil qilindi hamda kelgusi xizmat faoliyatida eʼtibor qaratilishi zarur boʻlgan tavsiyalar berildi.

Oʻquv yigʻini davomida tibbiyot punktlari xodimlari xizmat yoʻnalishi boʻyicha amaliyotda qoʻllash mumkin boʻlgan zarur bilim va koʻnikmalarni oʻzlashtirib, xizmatni davom ettirish uchun harbiy qismlarga yoʻl oldilar.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti