Harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari uchun sayyor qabul

0
6924

Toshkent harbiy prokuraturasi tashabbusi bilan Yashnobod tumanidagi “Olmos” MFYda istiqomat qilayotgan harbiy xizmatchilar va ular oila aʼzolari, harbiy pensionerlar va boshqa fuqarolarning ijtimoiy himoyasini va bandligini taʼminlash, ularning yashash shart-sharoitlarini yanada yaxshilash, talab va takliflarini oʻrganish, ularga huquqiy yordam koʻrsatish, muammolarini imkon darajasida joyida hal qilish maqsadida sayyor qabul va boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi oʻtkazildi.

Toshkent shahar bandlik bosh boshqarmasi, Yashnobod tuman hokimligi va tuman aholi bandligiga koʻmaklashish markazi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasida jami 20 ta turli ixtisoslikka yoʻnaltirilgan tadbirkorlik subyektlari hamda davlat idoralari oʻzlarining 300 ga yaqin boʻsh ish oʻrinlari bilan ishtirok etdi. Taklif etilgan boʻsh ish oʻrinlari bilan tanishgan tadbir ishtirokchilari mutaxassislardan oʻzlarini qiziqtirgan ish oʻrinlari boʻyicha maʼlumot va tavsiyalar olishdi. Shu kuni jami 43 nafar mahalla fuqarolariga yoʻllanmalar berilishi taʼminlandi.

Ochiq muloqot tarzida oʻtkazilgan sayyor qabulda Toshkent harbiy prokurori adliya polkovnigi Otabek Xolboyev, Toshkent shahar bandlik Bosh Boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari Aygul Sattarova va boshqa mahalliy hokimiyat vakillari, bank sohasi va adliya organi xodimlari ishtirok etdi. Tadbir davomida 25 dan ortiq murojaatlar qabul qilindi. Shundan 10 ta murojaat joyida ijobiy hal etildi, 15 ta murojaat yuzasidan huquqiy maslahat berildi.

Shu kuni Yashnobod tumani aholi bandligiga koʻmaklashish markazi tomonidan 8 nafar fuqaroga oʻzlarini ish bilan taʼminlash maqsadida 30 million soʻmlik subsidiya asosida tikuv mashinalari va boshqa maishiy texnikalar taqdim qilindi.

Tadbir soʻnggida Toshkent harbiy prokurori adliya polkovnigi Otabek Xolboyev va tegishli davlat tashkilotlari vakillari tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mahalla hududiga manzarali va mevali daraxt koʻchatlari ekildi.

Mayor Gulnora HOJIMURODOVA, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti