Harbiy qismda Muhammad Yusuf hayotiga bagʻishlangan adabiy-badiiy kecha tashkil etildi

0
5422

Mudofaa vazirligiga qarashli Toshkent viloyatida joylashgan harbiy qismda elimiz suygan shoir, Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 68 yilligi munosabati bilan adabiy-badiiy kecha oʻtkazildi. Unda shoirning rafiqasi shoira Nazira Assalom va qizi Nozima Yusupova, bir guruh aktyor va sanʼatkorlar, Mudofaa vazirligi Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boshqarmasi hamda Maʼnaviyat va maʼrifat markazi ofitserlari, harbiy xizmatchilar ishtirok etishdi.

Tadbirda “Turon” davlat harbiy teatri aktyori Erkin Bozorov soʻzga chiqib, bugungi kunda harbiy xizmatchilarimiz orasida ham shoir ijodiga boʻlgan qiziqish kundan kunga ortib borayotgani, har yili harbiy qismlarda shoir tavalludiga bagʻishlab maʼnaviy tadbirlar, adabiy-badiiy kechalar uyushtirib kelinayotganligini alohida taʼkidlab oʻtdi.

Tadbir davomida harbiy xizmatchilar Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning hayoti va ijodi, sheʼriyat olamida qoldirgan ulkan merosi haqida koʻplab maʼlumotlarga ega boʻldilar hamda oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.

Shundan soʻng tadbirning badiiy qismiga navbat berildi. Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli xonandalari tomonidan kuylangan kuy-qoʻshiqlar tadbir qatnashchilariga manzur boʻldi. Xalq shoirining sheʼrlaridan yaralgan qoʻshiqlar harbiy xizmatchilarning xonandalar bilan joʻr boʻlib birga xirgoyi qilishiga sabab boʻldi.

Sherzod Egamberdiyev, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti