Duatlon boʻyicha Oʻzbekiston chempionati oʻtkazildi

0
7479

Poytaxtimizda Triatlon federatsiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti bilan hamkorlikda duatlon boʻyicha Oʻzbekiston chempionati oʻtkazildi.

Yoshlarning sportning texnik va amaliy turlari bilan shugʻullanishlariga keng jalb etish, ushbu sport turini ommalashtirish va targʻib qilishda, xalqaro musobaqalarda qatnashish uchun terma jamoani shakllantirishda, kuchli sportchilarni aniqlash va mahoratlarini oshirishda bu kabi musobaqalarning ahamiyati katta. Duatlon musobaqasida 13-14 yoshli bolalar va yoshlar, 15-17 yoshli oʻsmirlar va qizlar, 16-19 yoshli hamda 23 yosh va undan katta erkaklar va ayollar oʻzaro bellashdilar.

Shiddatli, tezkor va chaqqon oʻgʻil-qizlar bir-birlaridan sira qolishmaydi. Yugurish boʻyicha chidamliligini koʻrsatganlari velosiped boshqarish mahoratida ham boshqalardan qolishmasligini isbotlashlari kerak. Turli yosh toifasidagi bellashuvlarda eng kuchlilar saralandi.

Super sprint pro musobaqasida erkaklar oʻrtasida Roman Kariyev (Qurolli Kuchlar akademiyasi) 1-oʻrinni egallagan boʻlsa, ayollar oʻrtasida Dayana Lukiyenko (Toshkent shahar mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti vakili) gʻolib boʻldi. Sprint pro musobaqasida erkaklar orasida Nasimbek Toʻychiyev (Fargʻona viloyati), ayollar orasida esa Raushana Xoshmurotova (Qoraqalpogʻiston Respublikasi) mutlaq gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.

Gʻolib va sovrindorlar tegishli darajadagi diplomlar va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Kapitan Aziz NORQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti