Bilim yurtida ochiq eshiklar kuni

0
4923

22-aprel – ma’naviy yuksalish kuni doirasida Chirchiq oliy tank qo‘mondon-muhandislik bilim yurtida ochiq eshiklar kuni bo‘lib o‘tdi. Unda Chirchiq shahrida joylashgan umumta’lim maktablaridan 200 ga yaqin o‘quvchi yoshlar ishtirok etdi.

Dastlab Chirchiq harbiy prokuraturasi xodimlari, Qurolli Kuchlar va mehnat faxriylari, harbiy xizmatchilar, kursantlar va o‘quvchi yoshlar ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” o‘tkazildi.

Uchrashuvda so‘ngi yillarda oliy harbiy ta’lim muassasalarida milliy armiyamiz saflariga har jihatdan bilimli ofitser  kadrlarni yetkazib berish borasida ulkan o‘zgarishlar amalga oshirilgani va bu jadallik bilan davom ettirilayotganini e’tirof etilib, yoshlarga bilim yurti, o‘qishga kirish tartiblari, o‘qish va o‘qitish jarayonlari haqida qisqacha ma’lumotlar berildi.

Uch avlod uchrashuvidan so‘ng mehmonlar harbiy xizmatchilar va kursantlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Xususan, ertamiz davomchilari majmuaviy tadbirlar doirasida harbiy texnika va qurol-aslahalarning ko‘rgazmali namoyishi, bilim yurt kursantlarining zamonaviy trenajyorlari, yangidan barpo qilingan o‘quv binolari, zamonaviy o‘quv xonalarini tomosha qilib, kursantlar bilan qiziqarli suhbatlar qurishdi. Bilim yurti muzeyi hamda undagi eksponatlar ham o‘quvchi yoshlarda unutilmas taassurot qoldirdi.

Harbiy qism va muassasalarga uyushtirilayotgan bu kabi tashriflar armiya va xalq birdamligining yaqqol ko‘rinishi, yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning muhim shakllaridan biri ekanligini namoyon etmoqda.

 Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti