Oila – nurli oshiyon

0
3058

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugining Qashqadaryo viloyati Pachkamar aholi punktida joylashgan harbiy qismda harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari bilan “Harbiy xizmatchining rafiqasi qanday boʻlishi kerak?” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.

Mudofaa vazirligi va harbiy okrugning xotin-qizlar va harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari bilan ishlash boʻyicha mutaxassislari Zulfiya Mansurova hamda Tamara Mamanova ishtirok etgan davra suhbatida harbiy xizmatchining turmush oʻrtogʻi unga sharafli burchini oʻtashi davomida doimo maʼnaviy kuch bagʻishlaydigan suyanchiq, taʼbir joiz boʻlsa, asosiy yelkadoshi ekanligi, xizmat mashaqqatlarini sifatli bajarishida oila aʼzolarining qoʻllab-quvvatlashi muhim oʻrin tutishi taʼkidlanib oʻtildi. Shuningdek, “Farzandlar tarbiyasida onaning roli” mavzusida trening tashkil etildi.

Bundan tashqari yaxshi qoʻshnichilik, yosh oilalarga tajribali onaxonlarning qoʻllab-quvvatlovi zarurligi xususida fikrlar bildirildi. Tadbirdan soʻng harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ular yashayotgan xonadonlar, harbiy shaharchada ularning bandligini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan tikuv sexlari, farzandlari uchun maktabgacha taʼlim tashkilotlariga tashriflar amalga oshirildi.

Quvonarlisi, olis qishloq hududda joylashgan ushbu soʻlim maskanda harbiy oilalar uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo etilgan boʻlib, bu oʻz navbatida oilalar farovonligi va qulay turmush tarzi uchun manzur boʻlmoqda.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugi matbuot xizmati